Qashqadaryoda mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy seminar
Qashqadaryo viloyatida fermer va dehqonlarning agrotexnologik bilimlarini oshirish, mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida qator amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.
Xususan, Qarshi tumanidagi “Sharqros universal servis” MCHJga qarashli mineral o‘g‘itlar omborxonasida o‘tkazilgan seminarda viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutaxassislari, soha vakillari hamda fermerlar ishtirok etdi. Tadbirda qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan mineral o‘g‘itlar sifati, ularni to‘g‘ri tanlash, saqlash va samarali foydalanish masalalari atroflicha tushuntirildi.
Seminar davomida mineral o‘g‘it turlari, ularning tarkibi, tuproqqa ta’siri va qo‘llash me’yorlari haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, omborxonadagi o‘g‘itlarni saqlash sharoitlari amalda ko‘rsatib o‘tildi.

Agrokimyoviy tahlil markazining mobil laboratoriyasida o‘g‘itlar sifati tekshirilib, mutaxassislar tomonidan namuna tahlillari asosida ularning standartlarga mosligi bo‘yicha xulosalar berildi. Fermerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassislar bilan fikr almashdi.
Shu kabi tadbir Qamashi tumanida ham tashkil etildi. “Ona zamin in’omi” MCHJga qarashli omborxonada o‘tkazilgan ko‘rgazmali amaliy seminarda mineral o‘g‘itlardan to‘g‘ri va samarali foydalanish yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatda g‘alla va paxta yetishtirishda mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2026-yil hosili uchun 128,7 ming gektar maydonda g‘alla parvarishlanmoqda. G‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar doirasida gerbitsid, insektitsid va fungitsidlar bilan ishlov berish amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda g‘alla maydonlarining 106,2 ming gektarida, ya’ni 83 foizida azotli mineral o‘g‘itlar bilan bahorgi ikkinchi oziqlantirish tadbirlari o‘tkazildi. Shuningdek, maydonlar biostimulyatorlar bilan bargidan oziqlantirilmoqda.
Paxtachilik sohasida esa joriy yil hosili uchun 129,3 ming gektar maydonda g‘o‘za ekish rejalashtirilgan. Ushbu maydonlar uchun zarur bo‘lgan azotli, fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar yetarli miqdorda ajratilgan bo‘lib, ularni agrotexnik talablar asosida qo‘llash ishlari tashkil etilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bahor oylarida yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lishi va havo haroratining mo‘’tadil kelishi g‘alla maydonlarida begona o‘tlar, zararkunanda va kasalliklarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, himoya tadbirlarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi amaliy seminarlar esa fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab, yuqori hosildorlikka erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri