Qashqadaryoda Germaniya bilan tartibli migratsiya sohasida hamkorlik kengaydi
Qashqadaryo viloyatida xalqaro hamkorlik doirasida aholi, ayniqsa, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslar izchil davom etmoqda. Ana shunday loyihalardan biri sifatida Qarshi davlat texnika universitetida Germaniyaning “Prosica GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Yoshlarni nemis tiliga o‘qitib, tartibli migratsiyaga yo‘naltirish” markazi ish boshladi.
Markazning ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, xorijiy hamkorlar, keng jamoatchilik va yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus yoshlarning zamonaviy ta’lim olishi, raqobatbardosh kasblarni egallashi hamda xalqaro mehnat bozorida munosib o‘rin topishiga xizmat qiladi. Shu jihatdan, loyiha hududda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan muhim va istiqbolli qadam sifatida baholandi.
Marosim doirasida ishtirokchilar markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, nemis tilini o‘rganishni boshlagan tinglovchilar bilan muloqot qildi. Ta’lim jarayonlarining zamonaviy usullar asosida tashkil etilgani, xorijiy mutaxassislar jalb qilingani loyihaning samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining joriy yil 13-martdagi tegishli qarori bilan ushbu tashabbusning huquqiy asoslari mustahkamlangan. Ayni paytda Germaniyadan taklif etilgan 6 nafar malakali o‘qituvchi dastlabki bosqichda 250 nafar yoshga nemis tilini o‘rgatishni boshlagan.
[gallery-28579]
Umuman, Germaniyaning “Prosica” hamda “Motiba” kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida joriy yilning o‘zida 3 ming nafar, 2030-yilga qadar esa 50 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu jarayonda nemis ish beruvchi tashkilotlari vakillari hududga muntazam tashrif buyurib, nomzodlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlar o‘tkazishi, mehnat shartnomalarini joyida rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday tizimli yondashuv tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish, yoshlarning xorijda ishlash jarayonlarini huquqiy va xavfsiz asosda tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari