Qashqadaryoda 13,5 mingdan ortiq fuqaroning mulkiy huquqi qonuniy e’tirof etildi
Qashqadaryo viloyatida yer munosabatlarini tartibga solish va fuqarolarning mulkiy huquqlarini qonuniy asosda mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada qabul qilinayotgan qarorlar ko‘p yillar davomida yechimini kutayotgan masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida fuqarolarning yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini hamda ushbu yerlarda qurilgan bino va inshootlarga mulk huquqini e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Sessiyada 1 ming 780 nafar fuqaroning yer va mulkka bo‘lgan huquqini qonuniy asosda e’tirof etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Natijada viloyatda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino-inshootlarga nisbatan mulk huquqi rasman e’tirof etilgan fuqarolar soni 13 ming 529 nafarga yetdi.
Mazkur jarayon fuqarolarning mulkiy huquqlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash bilan birga, ularning mol-mulkini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, mulkdan erkin foydalanish, uni meros qilib qoldirish, oldi-sotdi yoki garov munosabatlarida qonuniy ishtirok etishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Shuningdek, ushbu huquqiy mexanizm orqali yillar davomida turli sabablarga ko‘ra rasmiylashtirilmagan uy-joy va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlari qonuniy maqomga ega bo‘lmoqda. Bu esa fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy, jumladan, meros bilan bog‘liq nizolarni kamaytirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda ko‘chmas mulk munosabatlarida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar aholining mulk huquqini ishonchli himoya qilish, yer munosabatlarini tartibga solish va qonuniylik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri