Veterinariya ta’limida qo‘shma magistratura dasturi joriy etiladi
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Furqat Jalilov boshchiligidagi delegatsiya belaruslik mutaxassislar bilan uchrashdi.
Samarqand davlat veterinariya tibbiyoti, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Vitebsk davlat veterinariya tibbiyoti akademiyasi o‘rtasida veterinariya yo‘nalishida 1+0,6 formatidagi qo‘shma magistratura dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Unga ko‘ra, magistrantlar ta’limning birinchi yili Samarqandda tahsil olib, keyingi 0,6 yil davomida Belarusda o‘qishini davom ettiradi. Mazkur muddat davomida tinglovchilar ilmiy tadqiqotlar olib boradi hamda magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi. Bu esa, ularga xalqaro tajriba va zamonaviy ilmiy yondashuvlarni o‘rganish imkonini beradi.
Muzokoralar chog‘ida “Double Science” qo‘shma ilmiy dasturini yo‘lga qo‘yishga ham kelishildi. Ushbu dastur doirasida tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) bosqichida tahsil olayotgan izlanuvchilar uchun qo‘shma ilmiy rahbarlik (Co-supervision) tizimi joriy etiladi. Bu esa ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish va yosh olimlarning salohiyatini rivojlantirishga yordam beradi.
Veterinariya yo‘nalishining yuqori bosqich talabalari uchun ham amaliyotni Belarus Respublikasining chorvachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarida olib borish imkoniyati muhokama etildi. Bunday tajribani “Working and Travel” dasturi asosida tashkil etish rejalashtirilmoqda. Dastur doirasida talabalar veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tajriba orttirish bilan birga, haq to‘lanadigan amaliyotda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
G.Boboyeva,
O‘zA