“Qashqadaryo viloyati hokimi kubogi” musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, tuman va shaharlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda tizim muassasalari xodimlari o‘rtasida tashkil etilgan “Qashqadaryo viloyati hokimi kubogi” sport musobaqalari o‘z yakuniga yetdi.
Qariyb bir oy davom etgan musobaqalar futbol, voleybol, shaxmat va erkin suzish sport turlari bo‘yicha o‘tkazilib, unda tizim xodimlari faol ishtirok etdi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida so‘z olganlar mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan islohotlar xususida to‘xtalib, musobaqa ishtirokchilarini erishgan natijalari bilan tabrikladi hamda ularning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Tantanali marosimda g‘olib va sovrindorlarga diplom, medal, esdalik sovg‘alari hamda birinchi o‘rin sohiblariga ko‘chma kuboklar topshirildi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, futbol va voleybol bahslarida Koson tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Erkin suzish bo‘yicha Chiroqchi tumanidagi 19-maktab-internati o‘qituvchisi Sardor Sattorov birinchi o‘rinni egalladi.

Shaxmat musobaqasining erkaklar o‘rtasidagi bahslarida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi xodimi Zavqiddin G‘uzorov, ayollar o‘rtasida esa Muborak tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi Ibodat Primova g‘olib deb topildi.

Tadbir davomida san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur sport musobaqalari tizim xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish, jamoaviy hamjihatlik va korporativ birdamlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri