Qarzdorning garovdagi mashinasi drift paytida ushlandi
MIB Jizzax viloyati boshqarmasi ish yurituvida tijorat banki foydasiga 160 million so‘m kredit qarzini undirish haqida ijro hujjati mavjud bo‘lib, garov sifatida qo‘yilgan Malibu 2 rusumli avtotransport vositasi qidiruvga berilgan edi. Sababi — avtomashina egasi uni xatlovdan yashirib kelgan.
Olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida mazkur avtomashina Arnasoy tumani markazida aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi tunda ushbu mashinada drift qilib, uni tanishlariga “ko‘z-ko‘z” qilayotgan vaqtda ushlangan.

Viloyat YHXB xodimlari hamda Byuroning qidiruv sho‘’basi xodimlari hamkorligida avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Endilikda ushbu avtotransport vositasi auksion savdolari orqali sotilib, tushgan mablag‘lar kredit qarzini qoplashga yo‘naltiriladi.
Qo‘shimcha qilib o‘tish joiz, haydovchi mazkur harakatlari sababli avvaldan avtomashina boshqarish huquqidan mahrum etilgani ham aniqlandi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA