Qaror ijrosi — yosh muhandislar kelajagiga mustahkam poydevor
Mamlakatimizda qishloq va suv xo‘jaligi sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish, tarmoq uchun raqobatbardosh va bilimli muhandis kadrlar tayyorlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu maqsadga xizmat qilayotgan muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish hamda ularni ishlab chiqarish muhitiga yaqinlashtirish maqsadida Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining 3-bosqich talabalari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuvda universitet professori, Jizzax viloyati qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ilmiy maslahatchi A. Yangiyev, havza boshqarmasi boshlig‘i M. Turdiboyev, soha mutaxassislari va talabalar ishtirok etishdi. Muloqot chog‘ida suv xo‘jaligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, irrigatsiya tarmoqlarini boshqarishning zamonaviy usullari, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ayniqsa, bugungi kunda sohada faqat nazariy bilim emas, balki amaliy tajribaga ega kadrlarga ehtiyoj yuqori ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, talabalarni ishlab chiqarish jarayonlariga erta jalb etish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va malakaviy amaliyot samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

Tadbir davomida yoshlarning sohaga qiziqishi, tashabbuskorligi va innovatsion yondashuvlariga alohida e’tibor qaratildi. Chunki suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish kabi dolzarb vazifalar aynan bilimli va zamonaviy fikrlaydigan muhandis kadrlar zimmasiga tushadi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi. Shuningdek, amaliyot jarayonlarini samarali tashkil etish, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri