Markaziy bank faoliyatiga oid loyiha muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining bugungi yig‘ilishida Markaziy bank faoliyatini yanada takomillashtirish, uning mustaqilligi va bank tizimi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjat loyihalarini majburiy kelishish hamda kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlarni, korporativ boshqaruvni, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir va boshqa talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar ko‘rish maqsadida Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarining kuchga kirishiga oid qoidalar belgilanmoqda.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari bir qator savollarni o‘rtaga tashladi va mas’ullar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Qonun loyihasidagi normalar Markaziy bank faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashi aytib o‘tildi. Bank tizimidagi tavakkalchiliklarni samarali boshqarish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va zamonaviy xalqaro amaliyotlarni joriy etishda muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA