Qaror ijrosi: “O‘zatom” axborot siyosati va media faoliyatini kuchaytirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi “O‘zbekistonda bayramlarning g‘oyaviy-ma’naviy mazmunini yanada kuchaytirish va ommalashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida “O‘zatom” agentligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorda umumxalq bayramlari, muhim sanalar, kasb bayramlari hamda xalqaro kunlarning mazmun-mohiyatini boyitish, ular orqali milliy qadriyatlar va madaniy merosni keng targ‘ib qilish, shuningdek, ushbu jarayonlarda davlat tashkilotlari ishtirokini faollashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
“O‘zatom” agentligi axborot xizmati rahbari Gulruxsora Ravshanovaning ta’kidlashicha, agentlik tomonidan mazkur qaror ijrosi doirasida axborot siyosati va media faoliyatni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari atom energetikasini rivojlantirish, sohada malakali kadrlar tayyorlash hamda jamoatchilikka ishonchli va tezkor axborot yetkazishdan iborat, – deya qayd etdi G.Ravshanova. – Shu bilan birga, Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Mazkur qaror ilovasining 25- va 42-bandlariga muvofiq, 2025-yil davomida umumxalq bayramlari va ijtimoiy ahamiyatga ega mavzularni keng yoritishga qaratilgan 45 dan ortiq media tadbirlar tashkil etilgan. Ushbu tadbirlar matbuot anjumanlari, brifinglar, press-turlar, ochiq muloqotlar va maxsus medialoyihalarni o‘z ichiga olgan.
Xususan, tashkilotimiz tomonidan Navro‘z umumxalq bayrami, umumxalq hashari hamda boshqa muhim sanalar munosabati bilan ijtimoiy roliklar, infografik materiallar va videolavhalar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqatilgan. Bu kabi kontentlar orqali bayramlarning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va tarbiyaviy ahamiyati keng yoritib borilmoqda.
Shuningdek, agentlik huzuridagi Atom texnologiyalari axborot markazi aholi bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yilgan. Markazda o‘tkazilayotgan ochiq eshiklar kunlari, interaktiv taqdimotlar va ta’limiy tadbirlar natijasida talabalar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillariga atom energetikasining afzalliklari, xavfsizlik standartlari va zamonaviy texnologiyalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Agentlikning rasmiy telegram kanali orqali AES loyihasi bo‘yicha yangiliklar, xalqaro hamkorlik doirasidagi uchrashuvlar, mutaxassislar tayyorlash jarayonlari hamda sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlari haqida muntazam axborotlar berib borilmoqda. Bu esa jamoatchilikni dolzarb va ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash, sohada ochiqlikni kuchaytirish va aholi ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, atom energetikasi kabi strategik ahamiyatga ega sohada axborotning shaffofligi va tizimliligi alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, AES loyihalari, xavfsizlik masalalari, kadrlar tayyorlash va ilmiy-texnikaviy rivojlanish jarayonlari haqida aholiga aniq, tushunarli va ishonchli ma’lumot yetkazish davlat axborot siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Umuman olganda, mazkur qaror ijrosi doirasida “O‘zatom” agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar kompleks yondashuvga asoslangan bo‘lib, nafaqat belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, balki jamoatchilik bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, sohaning strategik ahamiyatini keng yoritish va aholi ishonchini mustahkamlashga qaratilgan. Bu esa kelgusida ham jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovini ta’minlashga mustahkam zamin yaratadi, – dedi Gulruxsora Ravshanova.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.