Qo‘qon davlat universiteti: ekologik tashabbuslar va aniq natijalar
Bugungi globallashuv davrida ekologik muammolar — iqlim o‘zgarishi, havo ifloslanishi, suv tanqisligi va tabiiy resurslarning kamayib borishi — insoniyat oldida turgan eng dolzarb va murakkab masalalardan biriga aylandi. Ushbu muammolar nafaqat atrof-muhitga, balki iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat barqarorligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois ekologik xavfsizlikni ta’minlashda yoshlarning o‘rni, ularning ekologik madaniyati va amaliy faoliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida tizimli va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil hududlarni kengaytirish, ekologik muhitni yaxshilash hamda aholining ekologik ongini yuksaltirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan strategik yo‘nalishlar doirasida har yili daraxt ko‘chatlarini ekish, ekologik muvozanatni saqlash, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish kabi muhim vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Bu esa mamlakatimizda barqaror rivojlanishning yangi modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur tashabbuslar natijasida respublikamizda ekologik muhitni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari ham ushbu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanib, yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, Qo‘qon davlat universitetida “Yashil makon” loyihasi doirasida 2025-yilda 14 000 ta manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi, 2026-yilning o‘tgan davrida 1 050 ta ko‘chat ekilib, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, universitetda 2025–2026-o‘quv yili davomida ekologik aksiyalar va hasharlarda 3 000 nafardan ziyod talaba faol ishtirok etdi. Bu esa yoshlarning ekologik jarayonlarga befarq emasligi, aksincha, ularning tashabbuskorligi va mas’uliyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
Talabalar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish maqsadida 20 dan ortiq seminar-treninglar, davra suhbatlari va targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlar orqali jami 5 000 nafarga yaqin yoshlar ekologik bilim va amaliy ko‘nikmalar bilan qamrab olindi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ekologik tashabbuslarda ishtirok etayotgan talabalar ulushi so‘nggi ikki yil ichida 30 foizdan 55 foizgacha oshgan. Bu esa yoshlar orasida ekologik madaniyatining yanada yuksalib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Mazkur natijalar nafaqat hududni ko‘kalamzorlashtirishga, balki talabalar orasida tabiatga mehr, mas’uliyat va resurslarga ehtiyotkorlik bilan munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ekologik barqarorlikni ta’minlashda suv resurslaridan oqilona foydalanish ham muhim yo‘nalishlardan biridir. Shu maqsadda universitet hududida innovatsion yondashuv asosida 10 ta nasosli tizim joriy etildi. Ushbu tizim orqali yashil hududlar yer osti suvlari hisobidan sug‘orilib, natijada 35 ming metr kubga yaqin ichimlik suvi tejaldi. Bu esa suv resurslarini tejash va ularni oqilona boshqarishda muhim amaliy natijadir.

Shuningdek, energiya samaradorligini oshirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida universitetda quyosh energiyasidan keng foydalanilmoqda. 2026-yil hisobidan qo‘shimcha 194 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilib, umumiy quvvat 1 050 kVtga yetkazildi.
Quyosh panellari orqali jami 580 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan 52 297,6 kVt ortiqcha energiya hududiy elektr ta’minoti korxonasiga uzatildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu energiya hisobiga 580 million so‘m mablag‘ tejaldi.
Bu ko‘rsatkichlar nafaqat energiya mustaqilligini ta’minlash, balki yashil iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga joriy etish, resurslardan samarali foydalanish va iqtisodiy tejamkorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, ekologik muammolarni hal etishda yoshlarning faolligi hal qiluvchi omildir. “Yashil makon” loyihasi, suv va energiya resurslarini tejashga qaratilgan innovatsion yechimlar hamda talabalar ekoharakati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar universitetimizda barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Dilnoza Xodjayeva,
Qo‘qon davlat universiteti rektori