Qamchiq dovonidagi tirbandlik qachon hal etiladi?
Qamchiq dovonidagi A-373 yo‘lining 119–121 km qismida rekonstruksiya ishlari boshlanib, sement-beton qoplama qo‘yilishi kerak edi. Lekin oradan uch yil o‘tib ham ishlar oxiriga yetmayapti.
Bu esa haydovchilar va yo‘lovchilarning tirbandlikda qolib ketishiga, ularga noqulaylik tug‘dirishiga sabab bo‘lmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilnoza Azizova joylarda o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda saylovchilar tomonidan bu muammo haqidagi murojaatlarni tinglab, vaziyatni o‘rgandi. Muammoni hal etish zaruratidan kelib chiqib, транспорт vaziri Ilhom Mahkamovga deputatlik so‘rovi yubordi.

So‘rovda minglab haydovchi va yo‘lovchilar tirbandlikda qiynalib kelayotgani qayd etilib, nega qurilish jarayoni sust olib borilayotgani, ushbu yo‘l qachon bitishi haqida izoh so‘ralgan.
Qamchiq dovoni — Farg‘ona vodiysini mamlakatning boshqa hududlari bilan bog‘lab turuvchi muhim yo‘l. Shuning uchun bu faqat bir nechta tuman yoki haydovchilar muammosi emas, muhim ahamiyatga ega masala.
Deputat so‘rovida ko‘tarilgan yo‘l muammosi xalq manfaati yo‘lidagi dolzarb masaladir. Shunday ekan, mas’ullarning javobini kuzatib boramiz.
M.Komilova, O‘zA