Qalbaki energetik ichimliklar sotilishining oldi olindi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qalbaki energetik va salqin ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan yashirin sex fosh etildi.
Tezkor tadbir davomida Andijon tumanidagi omborlardan birida 346 ming donadan ziyod energetik salqin ichimligini qadoqlashga mo‘ljallangan alyumin idishlar hamda ular uchun 578 ming donadan ziyod qopqoqlar mavjudligi aniqlandi.

Shuningdek, Andijon shahrida joylashgan yana bir manzilda noqonuniy va yashirin ravishda mazkur idishlarga ichimlikni quyish va qadoqlash jarayoni yo‘lga qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur sexda energetik va salqin ichimliklar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar, qadoqlash vositalari hamda mahsulot tarkibini shakllantiruvchi turli kimyoviy moddalar saqlanayotganligi ham aniqlandi.

O‘rganishlar davomida yashirin sexda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tashqi ko‘rinishi asl mahsulotlardan deyarli farq qilmasligi ma’lum bo‘ldi. Qadoqlanishi, dizayni va hatto standart belgilari ham soxtalashtirilgan bo‘lib, oddiy iste’molchi ularni ajratishi nihoyatda mushkul.

Tezkor tadbir davomida umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qariyb 5 milliard so‘mga teng sifatsiz va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qalbaki mahsulotlarning savdo rastalariga chiqishining oldi olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.