Fermer xo‘jaliklarining mol-mulki xatlandi
Sirdaryo viloyatida elektr energiyasidan qarzdor bo‘lgan fermer xo‘jaliklari bilan bog‘liq holatlar yuzasidan belgilangan tartibda ijro harakatlari amalga oshirildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Sirdaryo bo‘linmasi hamda Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida qarzdor fermer xo‘jaliklarining mol-mulklariga nisbatan xatlov choralari ko‘rildi.

Jumladan, “K.Y.F” fermer xo‘jaligining 42 mln so‘m, shuningdek, “U.J” fermer xo‘jaligining 40,9 mln so‘m miqdoridagi elektr energiyasi qarzdorligi aniqlanib, ularning mol-mulklari belgilangan tartibda xatlandi hamda jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Mazkur holatlar yuzasidan ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi Boyovut tuman bo‘limi tomonidan qonunchilikka muvofiq tarzda ijroga qaratilgan bo‘lib, qarzdorlikni undirish bo‘yicha majburiy choralar davom ettirilmoqda.

– Amaldagi qonunchilikka muvofiq, qarzdorlik o‘z vaqtida bartaraf etilmagan taqdirda qo‘shimcha ijro choralari, jumladan, mol-mulkni realizatsiya qilish hamda boshqa majburiy undiruv choralari qo‘llanilishi mumkin. Bu kabi amaliy ishlar elektr energiyasi uchun to‘lov intizomini mustahkamlash, qarzdorlik holatlarini qisqartirish hamda energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi Byuroning Boyovut tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid To‘rayev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri