Qalam ahliga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatida jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari, nashriyot va matbaa xodimlari hamda soha faxriylari ishtirokida bayram tadbiri o‘tkazildi. Bu ijod ahliga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor mamlakatimizda so‘z erkinligi, ochiqlik siyosati va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Bayram tadbirlari Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida Ozarbayjon kompozitori Uzeir Hojibekovning mashhur «Arshin mol olon» musiqali komediyasi namoyishi bilan boshlandi. San’at va so‘z ahlini birlashtirgan spektakl ishtirokchilarga unutilmas taassurot va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.




Shundan so‘ng tantanalar «Farovon» tantanalar majmuasida davom etdi. Unda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy qutladi.


Viloyat rahbari o‘z tabrigida jurnalistlarning jamiyat hayotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini, ular davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchli muloqotni ta’minlovchi muhim kuch ekanini ta’kidladi.
Tadbirda Sirdaryo viloyatida ilk bor tashkil etilgan «Media haftalik» loyihasi ham alohida e’tirof etildi. Besh kun davom etgan ushbu media maydon jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari, mobilograflar, SMM mutaxassislari va kontent yaratuvchilar uchun malaka oshirish, tajriba almashish hamda zamonaviy jurnalistika sirlarini o‘rganishda muhim maydon bo‘ldi.
Haftalik doirasida faktcheking, mediaxavfsizlik, mobil jurnalistika, strategik kommunikatsiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Yuzlab soha vakillarini birlashtirgan mazkur loyiha Sirdaryoda zamonaviy media muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.




Tadbir davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka tezkor va xolis yetkazish, jamoatchilik fikrini shakllantirishda munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari hamda axborot sohasi vakillari Sirdaryo viloyati hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

— Bugungi bayram biz uchun katta e’tirof bo‘ldi. Viloyat rahbarining «Jurnalist — xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik» degan so‘zlari har bir ijodkor zimmasidagi mas’uliyatni yana bir bor his ettirdi, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova.


Bugun Sirdaryo viloyati axborot makonida 23 ta bosma nashr, 3 ta elektron axborot sayti, 2 ta xususiy nashriyot va bitta ilmiy jurnal faoliyat yuritmoqda. «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvoni sohiblari, «Oltin qalam» milliy mukofoti laureatlari hamda iqtidorli yosh jurnalistlar hudud axborot makoni rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bayram tadbiri viloyat san’atkorlarining dilbar kuy-qo‘shiqlari bilan yakunlandi. Bu kunda yangragan samimiy tabriklar, ezgu tilaklar va e’tiroflar har bir ijodkor qalbida uzoq saqlanishi shubhasiz. Zero, haqiqatni himoya qilish, xalq dardiga quloq tutish va yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashash jurnalist uchun shunchaki kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, yuksak ishonch va sharafli burchdir.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA