Jurnalistlarning samarali mehnatlari e’tirof etildi
Andijon viloyati bojxona boshqarmasida bojxona xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda bojxona organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan muloqot va hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bekzod Shukurov bugungi kunda davlat organlari faoliyatida ochiqlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etayotganini, mazkur jarayonda aholini tezkor, xolis va ishonchli axborot bilan ta’minlashda ommaviy axborot vositalari, xususan, jurnalistlarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidlab, ularning samarali mehnatlarini alohida e’tirof etdi.


Shuningdek, muloqot davomida bojxona organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida shakllangan samarali hamkorlik, sohada olib borilayotgan modernizatsiya jarayonlari, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda tadbirkorlar va fuqarolar uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida ma’lumotlar berildi.
Ochiq-oshkora, samimiy kechgan muloqotda ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.



Tadbir yakunida faoliyati davomida yuksak mas’uliyat va fidoyilik namunasini ko‘rsatib, jamiyatda xolis va shaffof axborot muhitini shakllantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh jurnalistlar Bojxona qo‘mitasi raisi hamda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri