Qahramonlarning porloq xotirasi unutilmaydi
Andijonda “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xotira va qadrlash kunining asosiy tadbirlari Andijon shahri markazidagi Xotira xiyobonida bo‘lib o‘tdi.
Barcha tadbir ishtirokchilarining ko‘ksiga sharaf lentalari taqildi.
Vatan, uning erki va ozodligi yo‘lida qancha-qancha mard va jasur vatandoshlarimiz aziz jonlarini fido qilgan. Ularning qahramonliklari, ko‘rsatgan jasoratlari hech qachon unutilmaydi. Tadbirda ularning porloq xotiralari yodga olindi.
Dastlab viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida urush va mehnat faxriylari, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar tomonidan Andijon shahri markazidagi Xotira xiyoboniga o‘rnatilgan motamsaro ona haykali poyiga orkestr sadolari ostida guldastalar qo‘yildi.
[gallery-29326]
Tadbirda ikkinchi jahon urushi janggohlarida minglab yurtdoshlarimiz qatori andijonliklar ham matonat, yuksak qahramonlik namunalarini ko‘rsatganligi, Vatan himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning porloq xotirasi hech qachon unutilmasligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Xotira maydonida ikkinchi jahon urushi davrini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA