Sun’iy intellekt, elektr transporti va “yashil” energetika
Xitoyning Tachen shahrida qishloq hududlarida yangi energiya transport vositalarini keng joriy etish dasturining birinchi bosqichi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim va To‘liq elektrlashtirish sanoati ekotizimi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirlar turli mamlakatlardan kelgan mehmonlar va soha mutaxassislarini bir maydonga jamladi. Ular qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibidan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakillari ham o‘rin oldi.
Konferensiya doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini elektr transport vositalari sohasiga tatbiq etish, qishloq joylarda elektromobillar infratuzilmasini rivojlantirish, zaryadlash tarmoqlarini kengaytirish hamda “yashil” energetika asosida zamonaviy sanoat ekotizimlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari elektr transport vositalari ishlab chiqarishi, energiya saqlash tizimlari, intellektual boshqaruv texnologiyalari va raqamli yechimlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.

Uyushma axborot xizmati rahbari Namoz Tolipovning ta’kidlashicha, bu kabi xalqaro maydonlar sohadagi eng so‘nggi texnologiyalar va innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish hamda yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
– Bugun dunyoda elektr transporti va “yashil” energetika sohasida jadal o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Mazkur tajribalarni o‘rganish va ularni milliy sanoatga tatbiq etish mamlakatimizda elektrotexnika hamda elektr transporti sohalarining raqobatbardoshligini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deya ta’kidladi tadbir ishtirokchisi sifatida Namoz Tolipov.

Muloqotlarda bildirilgan fikrlar va taqdim etilgan tajribalar barqaror taraqqiyotni ta’minlash, ekologik toza transport tizimlarini kengaytirish hamda kelajak sanoati uchun innovatsion yondashuvlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA