Qabuldagi gap — endi amaliy natijaga aylanadi
Xalq qabulxonasiga kelgan fuqaro uchun aytilgan gapdan ko‘ra, uning amaliy natijasi muhim. Shu bois murojaatni tinglash, muammoni o‘rganish va mas’ullarga vazifa yuklash bilan ish bitmaydi — eng asosiysi, belgilangan choralarning natijasi bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning shaxsiy qabuli o‘tkazilib, 164 nafar fuqaroning murojaati tinglandi.
Murojaatlarda uy-joy, yer, tadbirkorlik va kredit masalalari salmoqli o‘rin tutdi. Shuningdek, ish haqini undirish, aliment, davolanish va boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan ham murojaatlar bo‘ldi.
Kimdir aliment undirish masalasida yordam so‘radi. Kimdir uy-joyini bitkazish uchun amaliy ko‘mak istadi. Yana kimdir yer hujjatlarini rasmiylashtirish, ish haqini undirish yoki davolanish bilan bog‘liq muammoni bildirdi. Bir qarashda turlicha ko‘ringan bu murojaatlarni bir jihat birlashtiradi: ularning har biri inson hayotida muhim o‘rin tutgan masaladir.

Shaxsiy qabul ro‘yxatiga kiritilgan 164 nafar murojaatchining masalalari birma-bir ko‘rib chiqildi. Ularning 30 dan ortig‘i uy-joy, 27 tasi yer, 20 tasi tadbirkorlik va kredit masalalariga oid bo‘ldi. Ayrim fuqarolar bir vaqtning o‘zida bir nechta muammolar bilan murojaat qildi.
— Bugungi qabul jarayonida murojaatlarni faqat tinglash bilan cheklanilmadi. Har bir holat yuzasidan mas’ul mutasaddilardan axborot va izohlar so‘raldi, muammoni hal etishning huquqiy va amaliy imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Joyiga chiqib o‘rganish yoki qo‘shimcha ma’lumot talab etilgan holatlar bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Manuchehr Mirzayev.

Qabul jarayonida ayrim murojaatlar tegishli tashkilotlar va mas’ullar ishtirokida shu yerning o‘zida ko‘rib chiqildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan masalalar bo‘yicha esa ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Endi asosiy e’tibor — berilgan topshiriqlarning ijrosiga qaratildi. Mas’ullarga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi nazoratga olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri