Putin Trampga Rossiya Yevropaga qarshi urush rejasi yo‘qligini aytdi (+video)
AQSH va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin telefon orqali suhbatlashdi. Ular Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Moskva hamda Kiyevga qilgan tashriflarini muhokama qildi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, ikki davlat rahbarining suhbati bir soat davom etgan. AQSH tomoni esa xabar e’lon qilingan paytga qadar suhbatga izoh bermagan.
Suhbat davomida Putin AQSHning vositachilik borasidagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholagan. Shuningdek, Rossiyaning Yevropaga nisbatan hech qanday tajovuzkor rejalari yo‘qligini ta’kidlagan. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
Yuriy Ushakovning aytishicha, suhbat asosan Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish masalasiga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Rossiyaga tashrifi Kreml tomonidan ijobiy baholangan. Shuningdek, Ushakov AQSH prezidenti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni o‘z prezidentlik davrida tugatishdan manfaatdor ekanligini bildirgan. Shuningdek, Tramp Rossiya-Ukraina urushini tugatishni AQSH va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni tiklashning muhim sharti deb hisoblaydi. Bunday yaqinlashuv har ikki davlat uchun ulkan foyda keltirishi mumkin.
Kreml esa Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish jarayoni hali ham murakkab ekanini bildirdi. Tramp vakillari bunga qadar ham muzokaralar o‘tkazish uchun Rossiya poytaxtiga bir necha bor borgan.
Muzokaralarning birinchi bosqichidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda Jared Kushner Ukrainada tinchlik o‘rnatish masalasi juda murakkab bo‘lishiga qaramasdan, Tramp urushni tugatish, insonlar o‘limiga chek qo‘yish va oilalarga yengillik olib kelishga «juda qat’iy» bel bog‘laganini aytdi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA