Prezidentimiz O‘zbekiston – Rossiya hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha yangi takliflarni ilgari surdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tanzaniya Prezidenti Samiya Suluhu Hasan hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rinbosari Xan Chjen ham tadbirning asosiy spikerlari sifatida so‘zga chiqdi.
Davlatimiz rahbari nutqining avvalida tadbir ishtirokchilarini samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan tarix, ma’naviy yaqinlik va insoniy taqdirlar orqali bog‘langan Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib turganidan mamnunligini bildirdi.

Transport yo‘nalishlarining o‘zgarishi, yangi ishlab chiqarish zanjirlarining shakllanishi, zamonaviy texnologik platformalarning paydo bo‘lishi va sun’iy intellektning keng joriy etilishi bilan dunyoda kechayotgan chuqur transformatsiya jarayonlariga baho berildi.
– Raqobat nafaqat bozorlar va tabiiy resurslar uchun kurashda namoyon bo‘lmoqda, balki texnologiyalar, logistika va infratuzilma sohalarida ham uning ta’siri sezilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatimiz yetakchisi ta’kidlaganidek, bugungi sharoitda birlashtiruvchi rol o‘ynaydigan va o‘z atrofida kooperatsiya, barqarorlik hamda o‘zaro manfaatdorlik makonini shakllantirishga qodir bo‘lgan davlatlar va mintaqalarning ahamiyati ortib bormoqda.

– O‘zbekiston ming yillar davomida Buyuk ipak yo‘lining yuragi bo‘lib kelgan. Samarqand, Buxoro va Toshkent orqali nafaqat mahsulotlar tashilgan, balki g‘oya va bilimlar, madaniy va diniy an’analar bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Shuning uchun ham ochiqlik biz uchun doimo tanlov emas, balki hayotiy zarurat va sivilizatsiya kodi hisoblangan, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining asosiy yo‘nalishlarini tahlil qilib, savdo-iqtisodiy hamkorlik, hududlararo aloqalar, sanoat kooperatsiyasi hamda energetika sohasidagi sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston va Rossiyaning texnologik hamda sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish maqsadida yagona raqamli platforma bilan birlashtirilgan ishlab chiqarish klasterlari tizimi – “Yevroosiyo texnologik sanoatlashtirish kamari”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Ish o‘rinlari yaratishga, logistika, to‘lov xizmatlari hamda yangi eksport imkoniyatlarining rivojlanishiga xizmat qiluvchi raqamlashtirish sohasi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Raqamli savdo va shahar servislarini tartibga solish qoidalarini yaqinlashtirish, O‘zbekiston va Rossiya brendlarini hamkorlikdagi platformalarda ilgari surish, sun’iy intellekt asosida mahsulotlarni rivojlantirishni o‘zida qamrab olgan qo‘shma Raqamli ekotizimni shakllantirishga kirishish taklif etildi.
O‘zbekiston dunyoning yoshlari eng ko‘p mamlakatlaridan biri ekanini hisobga olib, vazifasi ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozorini o‘zaro bog‘lashdan iborat bo‘lgan Inson kapitalini rivojlantirish qo‘shma onlayn-platformasini yaratish tashabbusi ilgari surildi.

Hamkorlikning madaniy-gumanitar yo‘nalishini yanada mustahkamlash maqsadida “Samarqanddan Peterburggacha” kreativ-turistik yo‘lak loyihasini ishga tushirish ham taklif etildi. Ushbu tashabbus san’at va kino festivallari, muzey ko‘rgazmalari, gastronomiya haftaliklari va musiqiy tadbirlarni birgalikda tashkil etishni nazarda tutadi.
Iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning muhim natijalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
– Bundan o‘n yil oldin ochiqlik, inklyuzivlik va pragmatizmga tayangan holda Yangi O‘zbekistonni barpo etishni boshlagan edik. O‘tgan davrda uzoq muddatli o‘sish uchun mustahkam asos – qulay ishbilarmonlik muhiti, barqaror sanoat bazasi va yangi infratuzilma yaratildi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yosh, faol va tez o‘sib borayotgan aholi O‘zbekistonning asosiy ustunliklaridan biri bo‘lib, tadbirkorlik, texnologiyalar, servislar va sanoatni rivojlantirishning uzoq muddatli poydevori ekanligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, erishilayotgan o‘sish nafaqat jadal, balki barqaror, inklyuziv va insonlar hayot sifatini oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozimligi qayd etildi.
Qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, bozor institutlarini takomillashtirish, raqobat darajasini oshirish va ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish orqali global investitsiyalarni jalb etish uchun shart-sharoitlar izchil shakllantirilayotgani bildirildi.

Forum qatnashchilari tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markaziga berilgan maxsus huquqiy maqom va soliq imtiyozlari imkoniyatlaridan foydalanishga, shuningdek, joriy yilning 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif etildi.
Yakunda davlatimiz rahbari ochiq va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot hozirgi kunda barqaror rivojlanishning asosiy shartiga aylanayotganini, ishonch, hamkorlikka tayyorlik va birgalikda yechim izlashga intilish bor joyda yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishini yana bir bor ta’kidladi.