Prezident qarori: alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun yangi tizim
Har bir bola sifatli ta’lim olish huquqiga ega. Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun o‘z vaqtida ko‘rsatilgan ta’lim va ijtimoiy xizmatlar ularning kelajagini belgilab beradi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-avgustdagi “Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy xodimlar ota-onalarga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etishda amaliy ko‘mak ko‘rsatadi, shuningdek, bolaning mazkur xizmatlardan foydalanishi doimiy monitoring qilinib, zaruratga qarab qo‘shimcha ijtimoiy yordam va xizmatlarga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 3–18 yoshdagi bolalarning alohida ta’limga ehtiyoji “Inson” markazlari huzuridagi Bolani kompleks baholash guruhlari tomonidan zamonaviy psixologik-pedagogik va funksional baholash mezonlari asosida aniqlanadi. Baholash guruhi tomonidan 3–18 yoshdagi bolaning ta’limga ehtiyojini baholash psixologik-pedagogik diagnostik mezonlar asosida, funksional imkoniyati, kundalik hayotdagi faolligi va ishtirokini baholash esa nogironlikni baholash shkalasining mahalliy shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida amalga oshiriladi. Mazkur tizim dastlab 2026-yil 1-oktabrdan Navoiy va Xorazm viloyatlarida sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA