MDH davlatlari monopoliyaga qarshi kurash masalalarini muhokama qildi
Ozarbayjon Respublikasining Xonkendi shahrida MDH ishtirokchi davlatlaridagi monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilishlarini birgalikda tekshirish bo‘yicha Shtabning 47-yig‘ilishi hamda Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha davlatlararo kengashning (MSAP) 61-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishlarda Raqobat qo‘mitasi hamda uning huzuridagi Tadqiqotlar markazining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Shtab yig‘ilishida sun’iy intellektning raqobatga ta’siri, iste’mol krediti olishda qarz oluvchilarning sug‘urta tashkilotlarini tanlash imkoniyatini ta’minlash hamda dori vositalari bozorlarida narxlarni shakllantirishga doir yondashuvlar ko‘rib chiqildi.

MSAP yig‘ilishida esa ishtirokchilar avvalgi yig‘ilish qarorlarining ijrosi, Hamdo‘stlik davlatlarining raqobat siyosatidagi dolzarb o‘zgarishlar, Shtab faoliyati hamda hamkorlikning kelgusi yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi raqobat muhitini rivojlantirish, eksklyuziv huquqlarni qisqartirish va monopoliyaga qarshi nazoratni takomillashtirish borasidagi islohotlar natijalari yuzasidan taqdimot qildi.

Taqdimotda raqamli platformalarni tartibga solish, ustun muzokara kuchi institutini qo‘llash va Qo‘mita faoliyatini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. FAIR TECH tizimining imkoniyatlari hamda davlat xaridlarida til biriktirish va birja savdolarida manipulyatsiya alomatlarini aniqlash uchun ishlab chiqilayotgan sun’iy intellekt vositalari namoyish etildi.
O‘zbekiston tomoni birja savdolarini tahlil qilish uslubiyatlari bo‘yicha tajriba almashishni kengaytirish, original mahsulotlarni transchegaraviy yetkazib berishdagi cheklovlar yuzasidan ekspert maslahatlashuvlarini rivojlantirish hamda tekshiruvlarda tahliliy algoritmlarni qo‘llash amaliyotini qiyosiy o‘rganishni taklif etdi.
Niqgora Rahmonova, O‘zA