“Prezident olimpiadasi”ning ilk bosqich musobaqalari muhokama qilindi
Sport bilan professional shug‘ullanuvchilar soni va sifatini yanada yaxshilashda “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining alohida o‘rni bor.
Yangicha tamoyillar asosida joriy etilgan hamda mamlakatimiz yoshlari hayotiga o‘ziga xos mazmun va ruhiy quvvat bag‘ishlashi nazarda tutilgan “Prezident olimpiadasi”ning bu yilgi musobaqalari 13-14 yoshli sportchilar (badiiy gimnastika bo‘yicha 11-12 yoshli) o‘rtasida 21 ta olimpiya sport turi bo‘yicha tashkil etilishi belgilangan.

Birinchi bosqich joriy yil mart-aprel oylarida “Tuman va shahar hokimi olimpiadasi”, ikkinchi bosqich may-iyun oylarida “Hokim olimpiadasi”, uchinchi bosqich “Prezident olimpiadasi” sifatida tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, shu kunlarda tuman va shaharlarda ilk bosqich bahslari davom etmoqda.

Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da mazkur musobaqalarning ilk bosqichi - “Tuman va shahar hokimi olimpiadasi”ni namunali tarzda o‘tkazish holati, sport federatsiyalarining mas’uliyatini yanada oshirish, musobaqalarga xususiy sport klublarini jalb etish kabi masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari, hududiy sport boshqarmalar, sport maktablarining mutasaddilari ishtirokida videoselektor tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Hududlarda musobaqalarni bayramona tashkil etish, shaffoflikni ta’minlash, qamrovning umumiy holati, hakamlik, uning targ‘iboti borasidagi ishlar tahlil etildi.
Shu kunlarda hududlarda “Tuman va shahar hokimi olimpiadasi” o‘tkazilayotgani, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida gandbol, Namanganning Mingbuloq tumanida voleybol, Navoiy shahrida sport kurashlari, Samarqandda taekvondo, Buxoroning Kogon tumanida gandbol bo‘yicha tashkil etilgan ilk bosqich musobaqalari yuqori saviyada o‘tkazilgani aytib o‘tildi.
Muhokamalar jarayonida yangi chempionlar avlodini kamolga yetkazishga qaratilgan “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining ilk bosqichida har bir sport turining xususiyatidan kelib chiqib bahslarni boshqarib borishda hududiy sport tashkilotlarining mas’uliyatini oshirish lozimligi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA