"Prezident olimpiadasi”ga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
Yangi O‘zbekistonning professional sportdagi yangi g‘alabalarini ta’minlashga qaratilgan "Prezident olimpiadasi" musobaqalarining joriy yilgi saralash musobaqalari joylarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Ayni kunlarda Sport vazirligi va daxldor tashkilotlar tomonidan “Prezident olimpiadasi”ning respublika final bosqichini yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Sport vazirligida “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika final bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 13-14 yoshli sportchilar o‘rtasida 21 ta olimpiya va 10-18 yoshli para sportchilar o‘rtasida 5 ta paralimpiya sport turi bo‘yicha respublikamizdagi mavjud 208 ta tuman va shaharlarda mart-aprel oylarida tashkil etilgan birinchi bosqich bahslarida 330 ming nafarga yaqin yosh sportchilar ishtiroki ta’minlandi.

Ilk bosqichda sovrinli o‘rinlarni egallagan 30 ming nafardan ziyod iqtidorlilar may-iyun oylarida tashkil etilgan 2-bosqichda o‘z mahoratini namoyish etib, eng kuchlilar respublika final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov boshchiligida federatsiyalar hamda hududiy sport boshqarmalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilish davomida “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining yakuniy final bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida musobaqaning final bosqichini sifatli tashkil etish, ishtirokchilarni kutib olish, musobaqalar o‘tadigan sport majmualarni tayyorlash, texnik vazifalarni muvofiqlashtirish hamda mas’ul tashkilotlarning vazifalari borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida “Prezident Olimpiadasi”ning final bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan federatsiyalar va hududiy sport boshqarmalarining mas’ullariga tegishli topshiriq va vazifalar belgilab berildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA