Mariya Timofeyeva "US Open-2026" turnirida mag‘lub bo‘ldi
Nyu-Yorkdagi "US Open-2026" turnirida hamyurtimiz Mariya Timofeyeva kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “US Open-2026” turnirida ikkinchi davra bahslari o‘z yakuniga yetdi. Unda hamyurtimiz Mariya Timofeyeva belgiyalik Elize Mertens bilan raqobatlashdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 108 million AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqaning ikkinchi davrasidan o‘rin olgan ushbu uchrashuvda tennischimiz kutilmaganda Elize Mertensga 2:6, 6:7 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, Mariya Timofeyeva “US Open-2026” turnirini 130 reyting ochkosi va 190 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritgan holda tark etdi.
Endi Amerika ochiq chempionatida bir hamyurtimiz Kamilla Rahimova qoldi. U bugun mamlakatimiz vaqti bilan soat 20:00 dan so‘ng dunyoning birinchi raqamli tennischisi belaruslik Arina Sobolenkoga qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA