Prezident olimpiadasi yangi g‘alabalarga mustahkam poydevor yaratadi
Sport vazirligida “Prezident olimpiadasi” musobaqasining respublika final bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatimizda mahoratli sportchilarni tayyorlash, ularni saralash, terma jamoalarga yo‘naltirishda olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida Toshkentdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, “Olimpiya shaharchasi” hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tadigan musobaqalarga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rish, har bir tarkibiy bo‘linma kesimidagi ishlarni muvofiqlashtirib borish, ishtirokchilarni mehmonxonalarga joylashtirish, transport xizmati, oziq-ovqat bilan ta’minlash hamda musobaqalar jadvalini shakllantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Sport vaziri A. Ikromov raisligida o‘tgan yig‘ilish jarayonida musobaqa o‘tkaziladigan sport inshootlarining holati, ishtirokchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tashkiliy jarayonlar hamda xavfsizlik choralarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, 21 ta sport turi bo‘yicha o‘tadigan musobaqalarga seleksioner murabbiy-mutaxassislarni, terma jamoalarning murabbiylarini jalb etish orqali iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash va ularni kelgusida xalqaro musobaqalarga tayyorlashda muhimligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida “Prezident olimpiadasi” musobaqalari mamlakatimiz sportining yangi g‘alabalariga mustahkam poydevor yaratish tamoyilidan kelib chiqib, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, musobaqalarni sifatli va tartibli tashkil etish, shaffoflikni ta’minlash, hakamlarning faoliyatiga e’tibor qaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli zarur ko‘rsatmalar berildi.
