Marjona Pardaboyeva — ikki karra chempion, Odina Hamdamova — kumush medal sohibi!
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan beshinchi Paraosiyo o‘yinlarida para velosportchilarimiz ham muvaffaqiyatli odimlarini davom ettirmoqda.
Xususan, para velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha ayollar o‘rtasida T1–2 klassidagi guruh poygasida Marjona Pardaboyeva 1 soat 8 daqiqa 27 soniya natija bilan oltin, Odina Hamdamova esa 1 soat 8 daqiqa 35 soniyada marraga kirib kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori Marjona Pardaboyeva “Aichi–Nagoya–2026” Paraosiyo o‘yinlaridagi ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi. Hozirda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 33 ta oltin, 37 ta kumush va 35 ta bronza, jami 105 taga yetdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA