“Prezident olimpiadasi” va Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi
Mamlakatimizda professional sportni yangi bosqichga olib chiqish, Vatanimiz sharafini nufuzli musobaqalarda munosib himoya qiladigan mahoratli sportchilarning yangi avlodini tayyorlashga qaratilgan “Prezident olimpiadasi” kompleks o‘yinlarining final bosqichini yuqori saviyada o‘tkazish, ishtirokchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda musobaqa oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini samarali tashkil etish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Sport vazirligida mazkur masalalarga bag‘ishlangan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga tizimli jalb qilish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalari qisqa fursatda chinakam iqtidorlarni kashf etish maktabiga aylanib ulgurdi.

Musobaqalarning mahalla, tuman va viloyat bosqichlarida millionlab o‘g‘il-qizlar sportning bir qator ommaviy va olimpiya turlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Eng muhimi, ushbu jarayonda chekka-chekka qishloq va ovullardagi sport to‘garaklarida mashg‘ul bo‘layotgan, ammo shu paytgacha o‘z iqtidorini keng jamoatchilikka ko‘rsata olmagan yosh sportchilar yuzaga chiqmoqda. Ularning mahorati tajribali seleksionerlar hamda milliy terma jamoalar murabbiylari tomonidan alohida nazoratga olinmoqda.
Sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, sport federatsiyalari mutasaddilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda “Prezident olimpiadasi” final bosqichini puxta tashkil etish, ishtirokchilarni musobaqaga sifatli tayyorlash hamda bellashuvlar davomida sportchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida olib borilayotgan tayyorgarlik holati tahlil qilindi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida joriy yil sentabr-oktabr oylarida Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlari va V Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarining tayyorgarlik ko‘rish va munosib ishtirok etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mutasaddi va mutaxassislarning, federatsiyalarning vakillari bildirgan taklif va istaklar asosida Aichi-Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadigan musobaqalar 2028-yilgi “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi ekanligidan kelib chiqib, tayyorgarlik jarayonlarini yanada kuchaytirish, terma jamoalar tarkibini shakllantirish, har bir yo‘nalish bo‘yicha mahoratli sportchilarga e’tibor qaratish, mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish, sportchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Aytish lozim, XX yozgi Osiyo o‘yinlarida 45 mamlakat sportchilari 41 ta sport turida g‘oliblik uchun kurash olib boradi. O‘zbekiston sportchilari skvosh, yelkanli sport, voleybol, sohil voleyboli, regbi, golf va velotrek kabi sport turlarida ilk bor ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 20 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medalga sazovor bo‘lgan edi. 2022-yilgi “Xanchjou-2022” qit’a o‘yinlarida esa yurtimiz vakillari 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalni qo‘lga kiritgandi. Har ikki Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport jamoasi umumjamoada 5-o‘rinni egallagan.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov(suratlar), O‘zA