Prezident maktabida o‘quv-treningi o‘tkazildi
Andijon shahridagi Prezident maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan “Ta’limda sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash” mavzusida respublika o‘quv-treningi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamiz viloyatlaridagi Prezident maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, psixologlar va tarbiyachi-pedagoglar ishtirok etib, ta’lim jarayonida sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish, kasbiy etika me’yorlariga amal qilish va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Trening mashg‘ulotlari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi mutasaddi va mutaxassislari Aziza Imomxo‘jayeva, Gulnaz Jabbarbergenova, Zarnigor Qahhorova hamda Andijon davlat pedagogika instituti rektorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Muhammadjon Madumarov olib bordi.
Mashg‘ulotlarda faoliyat samaradorligini oshirish, ta’lim muassasalarida sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish, kasbiy etika me’yorlariga amal qilish, shuningdek, ijro intizomini mustahkamlash, belgilangan yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan keng ma’lumotlar berildi.
– Jarayonlarda kasbiy faoliyatimiz samaradorligini oshirish yuzasidan keng ma’lumotlar oldik, ilg‘or ish uslublarini o‘rgandik, – deydi Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Lolaxon Dehqonova. – Ishonamanki, o‘rganganlarimiz yanada samarali ish olib borishimizga yaqindan yordam beradi.
[gallery-29195]
Shuningdek, trening doirasida bir guruh ishtirokchilarning taqdimot va namunali darslari bilan tanishildi.
Jumladan, Andijon shahridagi Prezident maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Rushana Rustamovaning “O‘quvchilarni milliy qadriyatlarga sodiqlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan loyihalarni o‘quv jarayonlariga tatbiq etish masalalari” deb nomlangan taqdimoti bilan tanishildi. Taqdimotda belgilangan yo‘nalishdagi loyihalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etishda noan’anaviy va zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish, ilg‘or tajriba va ish uslublarini qo‘llash bo‘yicha ishtirokchilarga keng ma’lumot va tushunchalar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.