Prezident maktabida Navoiy va Boburga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv o‘tkazildi
Guliston shahridagi Prezident maktabida buyuk o‘zbek mutafakkirlari — Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda matnshunos, navoiyshunos va boburshunos olim, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori Vahob Rahmonov ishtirok etdi.
Uchrashuv Prezident maktabi o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirokida yuqori ilmiy-ma’rifiy ruhda tashkil etildi. Tadbir davomida Vahob Rahmonov Alisher Navoiy ijodining o‘zbek adabiyoti va milliy ma’naviyatimizda tutgan o‘rni, asarlarida ilgari surilgan yuksak insonparvar g‘oyalar, komil inson tarbiyasi masalalari haqida atroflicha fikr bildirdi. Olim Navoiy asarlarining bugungi yosh avlod tarbiyasida ham dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, uning tarixiy, adabiy hamda ma’rifiy merosi xususida ham mazmunli mulohazalar bildirildi. “Bobur izidan” nomli ilmiy ekspeditsiya doirasida olib borilgan tadqiqotlar jarayonida qo‘lga kiritilgan qimmatli ilmiy xulosalar, tarixiy manbalar va qo‘lyozmalar haqida o‘quvchilarga batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida o‘zbek adabiyotining noyob qo‘lyozmalari, manbashunoslik va matnshunoslik sohasidagi so‘nggi ilmiy topilmalar, shuningdek, mumtoz asarlarni ilmiy-tanqidiy matnlar asosida nashrga tayyorlash jarayoni haqida ham so‘z yuritildi.

Savol-javob tarzida o‘tgan uchrashuvda o‘quvchilar va o‘qituvchilarni qiziqtirgan Navoiy va Bobur ijodi, ularning boy adabiy merosi, matnshunoslik muammolariga oid savollarga olim atroflicha va asosli javoblar berdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri