Poytaxtda 12 ta zamonaviy maktab qurilishiga start berildi
Toshkentda ta’lim infratuzilmasi tubdan yangilanmoqda. Poytaxtda minglab bolalar uchun zamonaviy, texnologik va inklyuziv maktablar qurilishiga start berildi.
Bular yangi shakldagi — texnologik, ergonomik, qulay va inklyuziv maktablar bo‘ladi. Loyihalar zamonaviy me’moriy yechimlar va zarur infratuzilmani hisobga olgan holda uch xil ko‘rinishda ishlab chiqilgan. Natijada 18 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

—Zamonaviy maktablarning qurilishiga start berish maqsadida hudud tanlab olindi, — deydi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova. — 12 ta maktabdan tashqari yana 16 ta zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalari loyihasi ishlab chiqildi. Maktablar 3-tipda bo‘lsa, bog‘chalarimiz 5-tipda bo‘ladi.

Maktablarimizning eng kam sig‘imi 1505 o‘rinli bo‘ladi. Undan yuqorisi 1840 o‘rinli, hattoki 2 000 o‘rinli bo‘lgan loyihalarimiz bor. Kelgusi yil yangi o‘quv mavsumi boshida Toshkentda yana qo‘shimcha 18 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Mazkur inshootlar qurilishida jahonda bu borada to‘plangan eng yaxshi tajribalar uyg‘unlashtiriladi, 7 ta o‘quv korpuslaridan iborat bo‘ladi. Qurilish ishlarini sakkiz oy ichida yakunlash, yangi maktablarni esa kelgusi o‘quv yili boshiga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi poytaxtda o‘quvchi o‘rinlari tanqisligini kamaytirish, ta’lim infratuzilmasini kengaytirish hamda bolalar uchun zamonaviy va qulay bilim olish sharoitlarini yaratish imkonini beradi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA