Pillachilikda xorij tajribasi keng qo‘llanilmoqda (+video)
Pillachilik – ipakchilik sanoati uchun xom ashyo yetkazib beruvchi muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston bu borada jahonda 4 o‘rinda turuvchi mamlakatdir. Yurtimizda qadimdan “pillachilik maktabi” shakllangan bo‘lib, yillar davomida minglab insonlar ushbu sohada daromad topib kelganlar.
Masalan, Pskent tumanida yashovchi Qurbonovlar oilasi ko‘p yillardan buyon pillachilik bilan shug‘ullanib keladi. Bir mavsumda pilladan 2.5-3 million so‘m daromad ko‘radilar va ularning oilalariga biriktirilgan 50 sotox tutzorning oraliq maydonida ekin ekib, yana qo‘shimcha 20 million so‘m daromad topishar ekan.
Shu yilning 6-mart kuni «Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori e’lon qilindi. Ushbu hujjat orqali bir qator imtiyozlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu omil xorijlik investorlarning ham e’tiborini tortdi. Kuni kecha avvallari tumanda bo‘lmagan yangi korxona tashkil etildi. Loyiha qiymati 400 ming AQSH dollari bo‘lgan majmuada pillachilik tarmog‘i uchun barcha uskunalar mavjud. Yuqori sifatli pilla tuxumi Xitoydan olib kelinadi va bu yerda tayyorlanib, kasanachilarga tarqatiladi. Pilla tayyor bo‘lgach, xitoylik hamkorlar uni yana qaytib sotib oladilar va quritib, ichidagi qurtlarni ham saqlab qoladilar. Bu baliqchilik, parandachilik sohasi uchun muhim ozuqa vazifasini o‘tar ekan. Xullas, endi pilla dorilanmaydigan bo‘libdi. Bir kunda o‘rtacha 15 tonna pilla quritiladi. Tayyor mahsulot bo‘lgan ipak esa xorijga eksport qilinadi.
Qarorda shuningdek 2029-yilgacha pillachilik klasterlarining bino va inshootlari mol-mulk solig‘i hamda yer solig‘idan ozod qilinishi belgilangan bo‘lib, har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi kompensatsiya qilib beriladi. Tutzorlarni tomchilatib sug‘organlar uchun 8 mlnso‘mgacha subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.
- Pillani uchinchi yoshgacha boqib, xalqqa tarqatish eng yaxshi usullardan biri hisoblanadi, - deydi “Pskent tumani agropilla” MCHJ bosh agronomi Sanobar Jo‘rayeva. – Chunki, bular hali kichkina. Oyog‘i bilan bir-birini ustiga chiqib tirnab kasallantirib qo‘yish ehtimoli yuqori. Ustma-ust solinganda nobud bo‘lishi mumkin. Menga Xitoy usulining yoqqan tomoni 3 yoshdan keyin pilla kasallikdan holi hisoblanadi va kasanachilarimiz uni boqishga qiynalmaydi.
Hozir ko‘rib turibsiz davlatimiz tomonidan pilachilikka katta e’tibor berildi. Kasanachilarimiz daromad solig‘idan va ijtimoiy soliqdan ozodligi, bir yil mehnat staji berilishi bu ham ularga yaxshigina imkoniyat bo‘ldi.
Darhaqiqat, “Mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida davlatdan subsidiya ajratiladi. O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi (O‘rmon agentligi) balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ a’zosi hisoblanadigan kambag‘al oilalarga (1ta oilaning 1 nafar a’zosiga faqat 1-marta) 4 mln so‘mdan subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.
Albatta qarorda pillachilik sohasi vakillari uchun yana ko‘plab imtiyozlar nazarda tutilgan bo‘lib, ularning tadbiq etilishi tarmoqni zamon talablari darajasida rivojlantirishga keng yo‘l ochib beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/w7k_4lw0bEU" title="Pillachilikda xorij tajribasi keng qo`llanilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA