Pedagog farzandi uchun kontraktning 30 foizi — yangi imtiyoz nimani o‘zgartiradi?
Oliy ta’limda o‘qish xarajatlari ko‘plab oilalar uchun jiddiy moliyaviy yuk bo‘lshi sir emas. Ayniqsa, bir oilada bir nechta farzand shartnoma asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, yillik kontrakt to‘lovi oila byudjetiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Endi davlat bu yukni qisman yengillashtirishga qaratilgan yangi tartibni joriy etmoqda.
Hukumatning 2026-yil 17-sentabrdagi tegishli qarori bilan pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan farzandlariga to‘lov-kontrakt summasi bo‘yicha 30 foizlik chegirma berish tartibi tasdiqlandi. Yangi tartib 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab amal qiladi. Unga ko‘ra, davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlarining kontrakt to‘loviga 30 foiz miqdorida chegirma beriladi.
Muhimi, bu imtiyoz faqat yangi qabul qilingan talabalarga emas. Davlat OTMlarida mazkur talablarga mos ravishda tahsil olayotgan pedagog farzandlari ham undan foydalanishi mumkin.
Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, 30 foizlik chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llaniladi. Demak, imtiyoz bitta farzand bilan cheklanmaydi. Bir nechta farzandi belgilangan talablarga javob beradigan pedagoglar uchun bu oilaviy xarajatni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Biroq chegirma barcha OTM va ta’lim shakllariga tatbiq etilmaydi.
Xususan, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar va ularning filiallari, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari ushbu imtiyoz doirasiga kirmaydi. Shuningdek, qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotganlar, xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlarida o‘qiyotgan talabalarga ham mazkur chegirma qo‘llanilmaydi.
Pedagog farzandining kontrakt shartnomasini olish uchun qo‘shimcha qog‘ozbozlik talab etilmaydi, kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboriladi. Arizani ko‘rib chiqish jarayonida talabaning pedagog farzandi ekanligi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali avtomatik ravishda tekshiriladi. Ma’lumotlar tasdiqlansa, chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi. Ariza mas’ul tashkilot tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Yana bir muhim jihat — 30 foizlik chegirma har bir o‘quv yili uchun bir marta qo‘llaniladi. Shu bilan birga, imtiyozning amal qilishi pedagog maqomiga ham bog‘liq. Agar talabaning otasi yoki onasi pedagoglar toifasidan chiqarilsa, keyingi o‘quv yilidan boshlab chegirma qo‘llanilmaydi.
Umuman olganda, yangi tartib pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yana bir mexanizmi sifatida qaralishi mumkin. Chunki pedagog mehnati nafaqat ta’lim jarayoni, balki oilasida farzandlarining ta’lim olishi bilan bog‘liq xarajatlarni ham o‘z ichiga olgan keng ijtimoiy masala bilan tutashadi.
30 foizlik chegirma har bir oila uchun turlicha miqdordagi mablag‘ni tejash imkonini beradi. Ayniqsa, bir nechta farzandi kontrakt asosida o‘qiyotgan pedagoglar uchun ushbu imtiyozning amaliy ahamiyati yanada yuqori bo‘lishi mumkin. Eng asosiysi, chegirmadan foydalanish jarayoni raqamlashtirilgan: ariza elektron tarzda beriladi, pedagoglik maqomi idoralararo ma’lumot almashinuvi orqali tasdiqlanadi va talab etilgan shartlar bajarilganda imtiyoz avtomatik qo‘llaniladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA