Paxta terimida yangi davr nafasi: texnika ortidagi bilim va mahorat
Paxta yurtimiz qishloq xo‘jaligida nafaqat muhim iqtisodiy resurs, balki ko‘p asrlik mehnat madaniyati, dehqonchilik tajribasi va xalqimiz turmushi bilan chambarchas bog‘liq qadriyatdir. Ammo bugun paxta dalasidagi manzara kechagidan tubdan farq qiladi. Ilgari bir necha o‘nlab insonlarning og‘ir jismoniy mehnati evaziga bajarilgan ishlarni bugun zamonaviy, yuqori unumli mashinalar qisqa vaqtda amalga oshirmoqda. Demak, zamon o‘zgargani sari mehnatning mazmuni ham, unga qo‘yiladigan talablar ham o‘zgarmoqda.
Ayni jihat Buxoro davlat texnika universitetida tashkil etilgan “Paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari”da yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Paxta terimi haqida so‘z borganda, avvalo, uning kechagi va bugungi qiyofasini tasavvur qilish muhim. Ilgarilari paxta terimi asosan qo‘l mehnatiga tayangan, bir gektar maydondagi hosilni yig‘ib-terib olish uchun ko‘plab insonlarning sa’y-harakatlari talab etilgan. Terim sur’ati ob-havo, insonning jismoniy imkoniyati va mehnat unumdorligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan.
Bugun esa dalaga bir zamonaviy paxta terish kombayni kirib kelishi bilan butun mehnat jarayonining mazmuni o‘zgaradi. Yuqori unumli texnika bir vaqtning o‘zida katta hajmdagi paxtani terib, ish jarayonini tezlashtiradi, mehnat sarfini kamaytiradi va inson omili bilan bog‘liq ayrim yo‘qotishlarni sezilarli darajada qisqartiradi.
Biroq zamonaviy texnika qanchalik mukammal bo‘lmasin, uni boshqaradigan insonning bilimi va mahorati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ya’ni bugun dalani faqat texnika emas, texnika va bilimli mutaxassis birgalikda boshqaradi.
Shu ma’noda mexanizator tayyorlash oddiy kasbiy o‘quv emas, balki paxtachilikning kelajagiga sarmoyadir.

Qishloq xo‘jaligini zamonaviylashtirish, mehnat unumdorligini oshirish, agrotexnologiyalarni keng joriy etish va fermerlarni yuqori samarador texnika bilan ta’minlash masalalari davlat siyosati darajasida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya va raqamlashtirishni kuchaytirish, zamonaviy texnikalardan samarali foydalanish, sohada malakali kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu e’tiborning zamirida oddiy, ammo juda muhim haqiqat bor: texnika xarid qilishning o‘zi yetarli emas – uni samarali boshqaradigan, sozlaydigan va undan unumli foydalana oladigan mutaxassis ham kerak.
Buxorodagi mazkur o‘quv kurslari ana shu talabdan kelib chiqib tashkil etilgani bilan ahamiyatli.
O‘quv kursining ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A. Nazarov so‘zga chiqib, paxta terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazishda malakali mexanizatorlarni tayyorlash, zamonaviy paxta terish texnikalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Kurs davomida Buxoro davlat texnika universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan ishtirokchilarga paxta terimiga oid qo‘shma qarorning mazmun-mohiyati, paxta terish mashinalarining asosiy qismlari, tuzilishi, ishlash prinsipi va texnik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
Taqdimotlar, nazariy mashg‘ulotlar va savol-javoblar orqali mexanizatorlarning bilimlari mustahkamlanib, zamonaviy texnikaning imkoniyatlarini chuqur anglashga e’tibor qaratilmoqda.
Eng muhimi, bu yerda nazariya amaliyotdan uzilmagan.
O‘quv kurslarida “JOHN DEERE”, “FM WORLD” va “BOSHIRAN” kompaniyalarining malakali mutaxassislari ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Ularda mexanizatorlar paxta terish kombaynlarini boshqarish, birlamchi servis xizmati ko‘rsatish, terim apparatlarini ajratish va qayta yig‘ish, texnik jihatdan sozlash, ish jarayonida texnikaning imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Bu esa oddiy “mashina haydash”dan ancha yuqori tushuncha. Bugungi mexanizator texnika operatori, texnolog va ayni paytda texnik holatni baholay oladigan mutaxassis bo‘lishi talab etiladi.
Kurslarning ko‘lami ham e’tiborga molik.
Ayni paytda mavjud 52 ta hamda yangidan xarid qilinishi rejalashtirilgan 100 ta paxta terish kombaynining har biriga 2 nafardan mexanizator biriktirilishi ko‘zda tutilgan. Shu asosda jami 304 nafar mexanizatorning ro‘yxati shakllantirilgan.
Oddiy raqamdek ko‘rinadigan bu ko‘rsatkich ortida katta tashkiliy vazifa mujassam. Chunki har bir kombaynning uzluksiz ishlashi, texnikadan oqilona foydalanish, ehtimoliy nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va terim sur’atini pasaytirmaslik bevosita mexanizatorning malakasiga bog‘liq.
Agar bir kombaynning to‘xtashi butun terim jarayonida muayyan uzilishni keltirib chiqarishi mumkinligini hisobga olsak, malakali kadr tayyorlashning iqtisodiy ahamiyati yanada yaqqol ko‘rinadi.

Zamonaviy paxta terish texnikasi mehnatni yengillashtiradi. Ammo bu texnikaga bo‘lgan mas’uliyatni kamaytirmaydi, aksincha, oshiradi.
Kombaynning texnik holati, terim apparatining to‘g‘ri sozlanishi, harakat tezligi, dalaning holati, paxtaning pishib yetilganlik darajasi va boshqa omillarni inobatga olish — bularning barchasi yuqori malakani talab qiladi.
Noto‘g‘ri boshqarilgan texnika nafaqat ish unumdorligini pasaytiradi, balki hosilning nobud bo‘lishiga, yoqilg‘i va ehtiyot qismlar sarfining ortishiga, texnikaning muddatidan oldin eskirishiga ham olib kelishi mumkin.
Shuning uchun bugungi o‘quv kurslarining maqsadi faqat mexanizatorga kombaynni boshqarishni o‘rgatish emas. Asosiy vazifa – texnikani iqtisodiy, xavfsiz, ehtiyotkor va yuqori samara bilan boshqaradigan professional kadrni shakllantirish.
Paxta terimida har bir kun, hatto har bir soat muhim. Hosilni o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish, texnikalardan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish – bularning barchasi yakunda iqtisodiy natijaga aylanadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Buxoro davlat texnika universitetidagi ushbu kursni paxta terimi mavsumi oldidan oddiy tayyorgarlik tadbiri emas, balki qishloq xo‘jaligida inson kapitali va texnologik salohiyatni oshirishga qaratilgan muhim qadam, deyish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri