Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish – rahbarlar uchun ustuvor vazifa
Yangi O‘zbekistonda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kriminogen vaziyatni tahlil qilish, jinoyatchilik dinamikasini o‘rganish va uni prognoz qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.
Ushbu jarayonlarning amaliy natijalari hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda ilmiy-tahliliy yondashuvning ahamiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti bosh ilmiy xodimi Umid Mirzatillayev bilan suhbatlashdik.
– Ayting-chi, jinoyatchilikning oldini olishda qanday yangi yondashuvlar qo‘llanilmoqda?
– Prezidentimiz tomonidan soha va tarmoq rahbarlarining joylarga tushib, aholi muammolarini bevosita o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan talablarning qo‘yilayotgani shu yangi boshqaruv falsafasini ifodalaydi.
Davlatimiz rahbari “har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” rahbarlar uchun ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi. Respublikadan mahallagacha bo‘lgan barcha darajalarda maqsadli ko‘rsatkichlar va “yo‘l xaritalari” asosida ishlash mexanizmi kuchaytirildi.
Shu tariqa, jinoyatchilikka qarshi kurashishni “faqat ichki ishlar organlarining ishi” sifatida baholashdan bosqichma-bosqich voz kechilmoqda. Bandlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimlik, adliya, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimlarining har biri jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan muayyan omillarni bartaraf etishga mas’uliyat bilan yondashmoqda.
– Jinoyatchilikni ilmiy o‘rganish va unga tahliliy yondashish qanday samara beradi?
– Jinoyatchilikni ilmiy tahlil qilishning eng muhim asosi – sifatli ma’lumot. Ma’lumot qanchalik to‘liq, ishonchli va tezkor bo‘lsa, kriminologik tashxis ham shunchalik aniq bo‘ladi.
Shu ma’noda, ichki ishlar organlaridagi raqamli transformatsiya faqat fuqarolarga elektron xizmat ko‘rsatishni yengillashtirgan texnologik yangilanish emas, balki jinoyatchilikka qarshi kurashishning tahliliy imkoniyatlarini tubdan kengaytirgan muhim vosita bo‘lmoqda.
2016-yilda ichki ishlar organlari faoliyatida 6 axborot tizimi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ularning soni 62 taga yetkazildi va 43 tasi amaliyotga joriy qilindi. 35 idora o‘rtasida 318 elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
“E-patrul”, “Yagona migratsiya”, YHXXning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi, elektron hujjat almashinuvi, “E-kadr” kabi platformalar shakllantirildi.
Jamoat xavfsizligini raqamlashtirish darajasi 86 foizga, elektron hujjatlar bilan ishlash 87 foizga, kadrlar bilan ishlash 90 foizga, ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish va murojaatlarni qabul qilish esa 100 foizga yetkazildi. 60 turdagi davlat xizmatidan 48 tasi to‘liq raqamli shaklda ko‘rsatilmoqda.
Bu imkoniyatlar jinoyatchilikni tahlil qilish, uning kelib chiqish sabablari va ehtimoliy xavf omillarini oldindan aniqlash uchun xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, ilmiy yondashuv, avvalo, xatoni kamaytiradi va qarorlarni aniqlashtiradi. Ilmiy tahlil asosida qaysi hududga, qaysi kontingentga, qaysi vaqtda, qaysi organ tomonidan va qanday chora qo‘llanilishi kerakligini belgilash imkonini beradi. Qisqa qilib aytganda, bu – manzilli profilaktika.
– Kiberjinoyatlarni aniqlash va ularga qarshi kurashish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Kiberfiribgarlik, soxta investitsiya platformalari, ijtimoiy tarmoqlardagi aldov, bank kartalari ma’lumotlarini qo‘lga kiritish, elektron to‘lov vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu bois, ichki ishlar organlarida Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. 2026-yil tizimda “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb e’lon qilindi.
Sun’iy intellektga asoslangan axborot tizimlari, “Kardblok” va “Turon” kabi elektron yechimlarning joriy etilishi yangi turdagi jinoyatchilikka tezkor ma’lumot va tahlil asosida javob qaytarish imkonini bermoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 29 trillion so‘m mablag‘ning noqonuniy olib chiqib ketilishining oldi olindi hamda jinoyatlarga aloqador bo‘lgan 19 mingga yaqin bank kartasi bloklandi.
Shu davr mobaynida kiberjinoyatlardan jabr ko‘rgan 13 mingdan ortiq shaxsga 120 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ qaytarildi.
– Kriminologiya tadqiqot instituti faoliyatida ilmiy mahsulotlar qanday formatlarda tayyorlanmoqda?
– Institut tashkil etilganidan buyon 20 tadqiqot hisoboti, 30 uslubiy qo‘llanma, 11 monografiya, 7 tahlilnoma, 8 konferensiya to‘plami, 7 davlat hisoboti va 1 darslik tayyorlandi.
Institut oldida faqat kriminologik tadqiqotlar sonini ko‘paytirish emas, balki institutning ilmiy xulosalarini davlat va ichki ishlar organlarining profilaktik qaror qabul qilish jarayonida doimiy ishlaydigan amaliy mexanizmga aylantirishdir.
Buning uchun kelgusi bosqichda bir nechta strategik yo‘nalish muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, Milliy kriminologik monitoring va prognoz tizimini shakllantirish zarur. Jinoyatchilikning holati, tuzilishi va dinamikasi respublika, viloyat, tuman va mahalla kesimida muntazam ilmiy baholanib, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli kriminologik prognozlar tayyorlanishi lozim.
Ikkinchidan, yagona kriminologik ma’lumotlar platformasini bosqichma-bosqich shakllantirish maqsadga muvofiq. Axborot tizimlarini, zarur hollarda boshqa davlat organlari ma’lumotlarini xavfsiz integratsiya qilish orqali institut uchun depersonalizatsiya qilingan ilmiy ma’lumotlar massivini yaratish mumkin. Bunda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, axborot xavfsizligi, inson huquqlari va algoritmik xolislik qat’iy ta’minlanishi lozim.
Uchinchidan, “O‘zbekistonning kriminologik xaritasi”ni yaratish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Unda nafaqat jinoyatlar soni, balki kriminogen omillar, viktimologik xavflar, jinoyat o‘choqlari, muayyan jinoyat turlarining hududiy konsentratsiyasi va ijtimoiy xavf indikatorlari aks ettirilishi mumkin. Bu mas’ul rahbarlarga katta hajmdagi jadvallardan ko‘ra, hududdagi muammoni tez va aniq anglash imkonini beradi.
To‘rtinchidan, yirik profilaktik dasturlarni ilmiy baholash amaliyotini kuchaytirish zarur. Yangi mexanizm joriy etilganda uning dastlabki holati belgilanib, muayyan vaqtdan so‘ng natijalari baholanishi kerak. Shu tariqa “qancha tadbir o‘tkazildi?” degan yondashuvdan “qanday natijaga erishildi?” degan natijadorlik tizimiga o‘tish mumkin.
Beshinchidan, institutda sun’iy intellekt va kriminologik prognozlash imkoniyatlarini rivojlantirish muhim. Sun’iy intellekt inson o‘rniga huquqiy yoki boshqaruv qarorini qabul qiluvchi vosita emas, balki katta hajmdagi ma’lumotlardan yashirin tendensiyalarni aniqlashga xizmat qiluvchi ilmiy instrument sifatida qo‘llanilishi lozim.
Oltinchidan, hududlardagi amaliy tadqiqotlarni kengaytirish zarur. Chunki Buxoro yoki Namangandagi kriminogen omil Farg‘ona yoki Toshkentda aynan shu ko‘rinishda namoyon bo‘lmasligi mumkin. Shu bois respublikaga xos umumiy qonuniyatlar bilan bir qatorda hududiy kriminologiyani ham rivojlantirish, viloyat, tuman va mahalla kesimida chuqur tadqiqotlar o‘tkazish hamda ular asosida har bir hudud uchun samarali profilaktika modellarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Yettinchidan, O‘zbekiston kriminologiyasini xalqaro ilmiy makonga faol olib chiqish lozim.
Umuman, bu jarayonda Kriminologiya tadqiqot instituti ilm va amaliyot o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka aylanib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda “ma’lumot – tahlil – kriminologik diagnoz – prognoz – ilmiy tavsiya – amaliy natija” zanjirini qaror toptirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.