Parvozingiz baland bo‘lsin, aziz bitiruvchilar
25-may kuni mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi. Shu munosabat bilan ta’lim maskanlarida tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigi ushbu ma’rifiy tadbirlarga yanada baland ruh, ustozlarga ilhom, millionlab yoshlarga esa bilim va izlanish yo‘lida yangicha shijoat bag‘ishladi.
2025/2026 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 255-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirga ustozlar va ularning o‘quvchilari, ta’lim sohasi faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda ota-onalar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigini maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova o‘qib eshittirdi.
Unda ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangrab, bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Mana shu hayajonli damlarda 472 ming nafar o‘g‘il-qizlarimiz maktab ta’limini tugatib, katta hayotga yo‘llanma olmoqda. Bugun kelajak rejalarini tuzayotgan aziz farzandlarimiz timsolida Yangi O‘zbekistonni dunyoga tarannum etadigan bunyodkor kuchni ko‘ramiz.
Joriy yil birinchi marta 11 ming nafardan ziyod farzandlarimiz maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlamoqda. Bunday intiluvchan o‘g‘il-qizlarimiz kelajakda ham o‘z tengdoshlariga namuna bo‘lib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.
– Har bir ota-ona kelajakda o‘z farzandining baxtu kamolini ko‘rishni istaydi, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova. – Yangi O‘zbekistonimizda yoshlarning kamoloti uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Bu imkoniyatlar yoshlarimiz parvozining yanada baland bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tantanali tadbirda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Durdona Rahimova, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov va boshqalar mamlakatimizda umumta’lim maktablarini tamomlayotgan yoshlar bugungi imkoniyatlardan foydalanishi g‘oyat muhim ekanini qayd etdi.
— Qirq yillik ish tajribasiga ega pedagog sifatida bugungi ta’limga qaratilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etishni istardim, — dedi 255-maktabning tarix o‘qituvchisi, faxriy ustoz Nigora Qurbonova. — Bugun o‘qituvchilarning shunchaki dars berishi emas, balki ta’lim jarayoniga ijodiy yondashuvi muhim o‘rin egallamoqda. Bu esa bolalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqining tobora kuchayishida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Maktabimizda ta’lim sifatiga qaratilayotgan e’tibor natijasida ko‘plab bitiruvchilar muddatidan avval talaba bo‘ldi. Yana ko‘plab o‘quvchilar esa xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. O‘quvchilarim safida tarix fani bo‘yicha respublika, shahar va tuman olimpiadalari g‘oliblari borligidan juda faxrlanaman. Shu bilan birga, yosh o‘qituvchilarning kasbiy malaka va mahoratini oshirishga ustuvor vazifa sifatida yondashilmoqda.
— Prezidentimizning biz, bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigidan juda hayajonlandim, — dedi ushbu maktabning 11-sinf bitiruvchisi Sevinch Oblayeva. — Davlatimiz rahbarining ezgu tilaklari bilimlarni yanada puxtaroq egallab, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga undaydi. Biz maktabimizdan nafaqat bilim, balki eng avvalo insoniylik sabog‘ini o‘rgandik. Buning uchun ustozlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Maktab biz uchun bir umr eng tabarruk maskan bo‘lib qoladi.
Tantanali tadbirda faol pedagoglar hamda o‘qishda namuna ko‘rsatgan o‘quvchilarga tashakkurnomalar topshirildi.
Maktab qoshidagi “Iqtidor” badiiy jamoasi ishtirokidagi chiqishlar namoyish etildi. Ko‘ngillarni hayajonga to‘ldirgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi. Yuzlab oq kabutarlar osmonga uchirildi. Ular timsolida yurtimizning millionlab bitiruvchilarining katta hayot sari parvozini ko‘rish mumkin.
Parvozingiz doimo baland va bexatar bo‘lsin, aziz bitiruvchilar!
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
O‘zA muxbirlari