Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining 153-sessiyasida O‘zbekiston vakillari ishtirok etmoqda
Tanzaniyaning Arusha shahridagi Xalqaro anjumanlar markazi (AICC)da Parlamentlararo ittifoq (PI) Assambleyasining 153-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu nufuzli tadbir Tanzaniya Milliy assambleyasi (Bunge) mezbonligida tashkil etilgan.
2026-yil 5 - 9-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan anjumanda dunyoning 180 dan ortiq mamlakatidan 2 mingdan ziyod delegat qatnashmoqda.
Sessiyada ishtirok etish uchun O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi rasmiy delegatsiya ham Tanzaniyaga tashrif buyurgan.
Assambleyaning bosh mavzusi – inklyuzivlik, ishonch va barcha uchun imkoniyatlar orqali samarali boshqaruvni takomillashtirish hamda jamiyatlar imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan.
Assambleya doirasida PIga yangi a’zolarni qabul qilish kutilmoqda. Mazkur sessiyaning eng muhim siyosiy voqealaridan biri – Parlamentlararo ittifoqning yangi Prezidentini saylashdir. Nomzodlar qatoridan Ozarbayjon, Avstraliya va Chili vakillari joy olgan.
Sessiya davomida sun’iy intellekt, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash kabi dolzarb global masalalar bo‘yicha ishchi guruhlar majlislari va seminarlar o‘tkaziladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
(Tanzaniya, Arusha shahri)