O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi
O‘zbekiston tashqi ishlari vaziri Baxtiyor Saidov Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen bilan uchrashdi. Ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar beradi mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuvda qayd etilganidek, Daniya Yevropadagi istiqbolli hamkorlarimizda biri hisoblanadi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, ilmiy almashinuvlarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Daniya sarmoyasini jalb qilish va sanoat kooperatsiyasini rivojalntirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar turli sohalarda Daniya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Daniya Qirolligi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar bo‘yicha O‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Hujjat tashqi ishlar idoralari o‘rtasida muntazam maslahatlarni amalga oshirish, xalqaro va mintaqalararo dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashish hamda ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qilish uchun institutsional asos yaratishga qaratilgan.
Uchrashuv va unda erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi munosabatlarga yangicha turtki berib, yangi qo‘shma tashabbus va amaliy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Aziza Alimova, O‘zA