“O‘zto‘qimachiliksanoat” vakillari xalqaro forumda ishtirok etdi
Bugun Moskva shahrida Rossiya dizayn industriyasining IV forumining yakuniy tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbir davlat tashkilotlari, biznes doiralari, ta’lim muassasalari hamda professional hamjamiyat vakillarini bir maydonga jamlab, sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.
Forum doirasida dizayn industriyasi va to‘qimachilik sohasining bugungi rivojlanish tendensiyalari, innovatsion yondashuvlar hamda istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Xususan, ishbilarmonlik dasturi to‘qimachilik sanoatini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi, sanoat dizaynini takomillashtirish, shuningdek, ilm-fan va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
E’tiborli jihati, unda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari ham faol ishtirok etyapti. Ularning ishtirok etishi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida to‘plangan tajriba va salohiyatni xalqaro maydonda namoyon etish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum ishtirokchilari sohani rivojlantirishga doir strategik masalalar, zamonaviy dizayn yechimlari va brendlarni global bozorga olib chiqish mexanizmlari bo‘yicha fikr almashdi.
Uyushma axborot xizmati qayd etganidek, ushbu anjuman doirasida olingan tajriba va muhokama qilingan ilg‘or yondashuvlar O‘zbekistonda to‘qimachilik va sanoat dizayni sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA