Ozodlik deb jondan kechganlar...
Munosabat
Prezidentimiz tomonidan 2024 yilning 19 iyulida imzolangan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori tarixiy voqea bo‘ldi.
Yurt ravnaqi, ozodligi yo‘lida aziz jonidan kechgan xalqimizning fidoyi farzandlari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz ularning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq haqiqatni qaror toptirish, adolatni tiklash borasida amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p. Ularni ro‘yobga chiqarish esa, bugungi kun va kelajak vorislarining ezgu amali bo‘lmog‘i lozim.
Mazkur qarorning mohiyati uning salmog‘i haqida Navoiy davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Qurbonov quyidagilarni bayon qildi.
– Ushbu qaror mustabid zamonda qatag‘on qilingan 1000 dan ziyod oilalarning avlodlari qalbida yangicha bir mash’ala yoqdi, desak xato bo‘lmaydi. Qaror ko‘zlangan maqsad keng qamrovli bo‘lib, asosiylardan biri tarixining noma’lum sahifalarini tiklash va o‘rganish, yosh avlodni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalashdan iboratdir.

XX asrning 20-yillari oxiridan boshlangan “kollektivlashtirish” siyosati, bu bilan bir vaqtda o‘tkazilgan “quloq” tamg‘asi ostida xalqlarni “ko‘chirish” amaliyoti, “deportatsiyalar”, 1937-1938 yillardagi siyosiy jarayon, Ikkinchi jahon urushi davri hamda 60-80 yillardagi murosasiz siyosat o‘zbek millatining qadri toptalgan davr sifatida tarixda qoldi.
“Qatag‘on” bu o‘n yoki yuz kishi bilan sodir bo‘lgan fojia emas, bu butun bir millat, yuz minglab xalqning boshiga zo‘ravonlik, tuhmat, adolatsizlik, va nohaqliklar oqibatida elning asl vatanparvar farzandlarini, ziyolilarini badnom qilishdir.
“Mustabid tuzum” siyosati tufayli qanchadan qancha yoshlarimiz, hatto, aybi to‘la isbotlanmasdan, avval otilib, o‘limidan so‘ng hukm e’lon qilingan ziyolilarimizning ayanchli taqdiri ko‘plab tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. Bu achchiq haqiqat har bir vatanparvar insonning qalbini o‘rtaydi, tinchlik va mustaqillikning qadrini yanada oshiradi. Vaqt o‘tib qancha avlod almashmasin xalqimizga nisbatan qilingan jabr-sitamlar yuki o‘zining zalvorini yo‘qotgan emas.

Xalqimizning yuragida turgan og‘ir yukni yengillatish, uning dardiga malham bo‘lish, inson, uning qadr-qimmati eng ulug‘ qadriyat ekanligini hayotda amaliy ifodalash yo‘lida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirishgan doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon esa xalqimiz kutgan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur farmon tufayli “Qatag‘on qurbonlari”ning nomlari oqlanishiga yana bir bor zamin yaratildi. Qatag‘on bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularni aniqlash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash va tadqiq etish, ommalashtirish uchun ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qatag‘on qurbonlarining avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealariga guvoh bo‘lgan insonlarning xotiralarini yozib olish, tarixiy manbalar va noyob suratlarni to‘plash ishlari jadallashtiriladi. “Qatag‘on qurbonlari” xotira kitoblarini chop etish va “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga kiritish ishlari davom ettirilishi, ayniqsa, mahalliy, respublika va chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda mutaxassislar bilan hamkorlikda ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilinishi – Inson qadri va sha’nining qadrlanishi va e’tirof etilishi bilan belgilanadi.

“Tarixiy xotira, ma’naviy va ruhiy tarbiya – Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida barcha tuman, shahar va mahallalar, tashkilot va muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlari asosida “Uch avlod uchrashuvlari”ni muntazam tashkil qilish yo‘lga qo‘yildi. Aholi, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi bobolarimiz xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ko‘rsatgan jasorati va ibratli faoliyatlarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi kunga qadar Navoiy viloyati ilmiy-ishchi guruhi tomonidan 1917-1924, 1930-1938, 1983-1986 yillar oralig‘ida amalga oshirilgan qatag‘onlarda Navoiy viloyatining Karmana, Nurota, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex tumanlaridan 4000 nafardan ortiq yurtdoshlarimizni nomma-nom aniqlashga muvaffaq bo‘lindi. Mahalla va maktablarda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari”ni tashkil qilinishi, ular yashagan xonadonlarda esdalik lavhalarining o‘rnatilishi haqiqiy yurt fidoyilarining jasoratlarini xalqimizga namoyon qilinishi yoshlar tarbiyasida katta ahamiyat kasb etmoqda.
Tadqiqotchilar uchun quvonchli va muhim bo‘lgan yangiliklar biri, shu vaqtga qadar “o‘ta maxfiylik” tamg‘asi bilan arxivlarda saqlanayotgan hujjatlardan keng foydalanish imkoniyatining yaratilishi tadqiqotlarning ilmiylikka asoslanishida muhim omil bo‘ladi.
Umuman olganda qabul qilingan qaror tarix, milliy taraqqiyot, tarixiy adolat tiklanishining yangi bosqichga o‘tishda alohida bir qadam bo‘ladi. Bu bevosita xalqimiz tafakkuri, dunyoqarashi va taraqqiyot sari yangicha ruhda hayot kechirayotganidan dalolatdir.
Suhbatni Abduvali Bo‘riyev yozib oldi.
O‘zA.