Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur qaror bilan:
– Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi;
– Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligining yagona tizimini bosqichma- bosqich joriy qilish hamda sohada islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ham tasdiqlandi.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish va sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etiladi.
Ishchi guruh 2026-yil 1-avgustga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohasi faoliyati bilan bog‘liq mol-mulkni xatlovdan o‘tkazib, Qo‘mitaga berilishi bilan bog‘liq barcha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais rahbarlik qiladi.
Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Bosh vaziriga bo‘ysunadi va hisobdordir.
Qo‘mita raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 5 nafar o‘rinbosar, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.
Qo‘mita raisi va uning o‘rinbosarlari maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha tegishli ravishda vazir va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmalari boshliqlari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishilgan holda Qo‘mita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi tizimini rivojlantirish jamg‘armasi negizida Qo‘mita huzuridagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan byudjetdan tashqari Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.
2027-yil 1-martga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida yagona avtomatlashtirilgan axborot platformasi ishga tushiriladi.
Sun’iy intellekt texnologiyasi imkoniyatlaridan foydalangan holda xavflarni boshqarish hamda xavf tahliliga asoslangan samarali nazorat tashkil etiladi.
Bunda xavflarni boshqarish tizimida qo‘llanadigan mezonlar ilmiy asoslangan xavfni baholash, oziq-ovqat mahsulotlari turlari, ularning kelib chiqish mamlakatidagi fitosanitariya va veterinariya holati, oziq-ovqat biznesi operatorlarining muvofiqlik tarixi, ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar hamda ushbu sohadagi xalqaro tashkilotlar ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.
Xavf profillari muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqiladi, ularni qo‘llash natijalari tahlil qilinadi va kamsituvchi yoki asossiz savdo cheklovlariga olib kelmasligi ta’minlanadi.
Avtomatlashtirilgan xavflarni boshqarish tizimi qarorlarini qayta ko‘rib chiqish va ularning ustidan shikoyat qilish mexanizmi joriy etiladi.
Aholi va boshqa barcha manfaatdor taraflarga xavfli oziq-ovqat mahsulotlari to‘g‘risida tezkor xabar berish hamda mahsulotlarni qaytarib olish bo‘yicha elektron tizim yaratiladi.
O‘zA