Iste’dodlar uchrashgan nuqta: “Kelajak muhandislari”
Poytaxtimizda “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali o‘z ishini davom ettirmoqda. Mazkur festival bugungi kunda innovatsiya, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar markaziga aylanib, keng ko‘lamli dasturi bilan ajralib turibdi. Uning doirasida 30 ga yaqin musobaqa va tanlov tashkil etilgan bo‘lib, 14 ming nafardan ortiq ishtirokchi bir maydonda jam bo‘ldi.
Festival xalqaro miqyosda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Unda nufuzli xorijiy mehmonlar va ekspertlar ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan tadbir mazmunini yanada boyitmoqda.

Festival tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Zamonaviy texnik jihozlar va yuqori darajadagi tashkiliy tayyorgarlik bilan jihozlangan ushbu maydonlarda 10 ga yaqin turli yo‘nalishdagi musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida festivalga ramziy start berildi. Unda xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va sohaning yetakchi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida yana bir muhim yangilik — “Kelajak muhandislari” ilmiy konsorsiumini tashkil etish tantanali ravishda e’lon qilindi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonning yetakchi texnik oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma esa yosh ixtirochilar, tadqiqotchilar va novatorlar uchun o‘z ishlanmalarini namoyish etish imkonini yaratdi. Unda 200 dan ortiq muhandislik loyihasi, 25 dan ziyod oliy ta’lim muassasasi va 10 dan ortiq yetakchi sanoat korxonasi ishtirok etdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida o‘tkazilayotgan “Yangi avlod avtomobili” musobaqasi jarayonlari bilan tanishdi. Musobaqada respublikaning turli hududlaridan kelgan 20 dan ortiq jamoa hamda 200 nafardan ziyod yosh muhandis o‘zlari ishlab chiqqan innovatsion elektromobillar bilan ishtirok etdi.

Bellashuv davomida prototiplar 10 kilometrlik yopiq trassa sharoitida sinovdan o‘tkazilmoqda. Asosiy mezon sifatida minimal energiya sarfi evaziga maksimal masofani bosib o‘tish qobiliyati belgilangan. Tashrif davomida vazir yosh muhandislar ishlanmalarini yuqori baholab, ularning yaratuvchan g‘oyalari va innovatsion yondashuvlari haqida ishtirokchilar bilan suhbatlashdi hamda o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.

“Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yoshlar salohiyatini namoyon etish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim platformaga aylanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA