“O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga a’zo bo‘ldi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yilning 30 avgust kuni mamlakatda kosmik faoliyatni rivojlantirish haqida imzolagan farmoniga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos”) tashkil qilindi.
Agentlik kosmik sohani rivojlantirish va undan foydalanish jabhasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga tatbiq etishga javobgar hisoblangan davlat boshqaruv organi hisoblanadi.

Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan 74-Xalqaro astronavtika kongressi doirasida Xalqaro astronavtika federatsiyasi assambleyasining navbatdagi sessiyasida “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga to‘la huquqli a’zo bo‘lganini e’lon qildi.
Xalqaro astronavtika federatsiyasi xalqaro nodavlat notijorat ilmiy tashkilot bo‘lib, u koinotni tinch maqsadlarda tadqiq qilish muammolari, shuningdek, huquqiy nuqtai nazardan raketa va kosmik masalalar bilan shug‘ullanadi.
Tashkilot 1950 yilda Parijda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro astronavtika kongressida 8 ta davlat: Avstriya, Argentina, Buyuk Britaniya, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Shvetsiya rahbarlari tomonidan tashkil etilgan.
N.Rahmonova, O‘zA