O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq faoliyatidagi ishtirokiga yuksak baho berildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish hamda hamkorlikning kelgusi shakllarini muvofiqlashtirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Parlamentlararo ittifoqning yangi saylangan Prezidenti, Avstraliya parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Milton Dik uchrashuvida O‘zbekiston va Ittifoq o‘rtasidagi 2026 - 2029-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
M.Dik O‘zbekistonning Ittifoq faoliyatidagi ishtirokiga yuksak baho berib, mamlakat rahbariyatining parlamentlararo muloqotni mustahkamlashga qaratayotgan e’tibori, bu boradagi izchil siyosati muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

2025-yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi hamda 2026-yil sentabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan Yosh parlament a’zolarining XII Global konferensiyasi yuksak saviyada tashkil etilganini e’tirof etdi.
Arushadagi Assambleya tadbirlari doirasida namoyish etilgan Yosh parlamentariylarning XII Global konferensiyasi haqidagi videorolikka ijobiy baho berib, Samarqand konferensiyasi amaliy natijalarga boy bo‘lgani bilan ahamiyat kasb etganini qayd etdi.
M.Dik kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda O‘zbekiston tashabbuslarini Parlamentlararo ittifoqning 2026 - 2029-yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasiga kiritish masalasini muhokama qilish maqsadida yaqin vaqt ichida o‘zbek tomoni bilan onlayn uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.
Mazkur muloqot mamlakatimiz tashabbuslari va ularni Ittifoq doirasida ilgari surish mexanizmlarini atroflicha ko‘rib chiqish imkonini beradi.
Milton Dik Oliy Majlis bilan parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston va Avstraliya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA