O‘zbekistonning yoshlar parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi
Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida o‘tkazilgan Boshqaruv kengashi majlisida 2026-yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yosh parlament a’zolarining XII Global konferensiyasi natijalari taqdim etildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva konferensiya inson huquqlarini mustahkamlash masalasiga bag‘ishlangani, bugun insoniyat muhim chorrahada turgan bir paytda ushbu mavzu har qachongidan ham dolzarb ekanini qayd etdi.
50 mamlakatdan 150 nafarga yaqin yosh parlamentariyni birlashtirgan Samarqand forumida ekspertlar, yoshlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida dolzarb muammolarga amaliy yechimlar muhokama qilinib, aniq tavsiyalarni qamrab olgan Yakuniy hujjat qabul qilindi.
Senat Raisi global xavf-xatarlar sharoitida inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan parlament qarorlarini ishlab chiqishda mazkur hujjatning ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladi. Unda BMTning «Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik» kun tartibini amalga oshirish, raqamli platformalarni inson huquqlari tamoyillari asosida mas’uliyat bilan tartibga solish hamda yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar belgilangan.

2025-yilgi Toshkent deklaratsiyasi hamda O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan BMT rezolyutsiyalariga tayanib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan maxsus sessiya o‘tkazildi. Unda iqlimga oid qarorlarda yoshlar ishtirokini kengaytirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Inson huquqlari va barqaror rivojlanish o‘zaro uzviy bog‘liq ekani, parlamentlarning 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibini amalga oshirishda o‘ziga xos mas’uliyati borligi ta’kidlandi.
T.Norboyeva konferensiyani o‘tkazish dastlabki qadam ekanini qayd etib, parlamentariylarni Yakuniy hujjatdan harakatlar uchun yo‘l xaritasi sifatida foydalanishga chaqirdi. Asosiy vazifa – unda belgilangan g‘oya va tavsiyalarni fuqarolar hayotida aniq natijalarga aylantirish.

Nutq yakunida konferensiya natijalariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Xorijiy parlamentlar vakillari anjumanning tashkiliy darajasi, xalqaro miqyosi va mazmunini, natijalarini yuqori baholadilar. Yakuniy hujjatning amaliy ahamiyati hamda O‘zbekistonning yoshlar parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA