O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi 70 milliard dollardan oshdi
O‘zbekiston Markaziy bankining oltin-valyuta zaxiralari hajmi 2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, 70,9 milliard dollarga yetdi.
Aprel oyi davomida zaxiralar qariyb 2 milliard dollarga oshgan bo‘lsa, mart oyida aksincha 8,1 milliard dollarlik pasayish kuzatilgan edi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, zaxiralar tarkibidagi oltin aktivlari qiymati 743,6 million dollarga ortib, umumiy hisobda 61,6 milliard dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, oltinning jismoniy hajmi ma’lum darajada qisqargan. Xususan, mart oyida 13,4 million troy unsiyani tashkil etgan ko‘rsatkich aprel yakunida 13,3 million troy unsiyaga tushgan. Bu esa aprel oyida taxminan 3 tonna atrofida oltin sotilgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Jahon bozorida oltin narxining o‘sishi zaxiralar qiymati oshishiga asosiy omil bo‘ldi. Aprel oyida bir troy unsiya oltin narxi 1,6 foizga qimmatlashib, 4 625,8 dollar darajasiga yetdi. Natijada jismoniy hajm qisqarganiga qaramay, oltin aktivlarining umumiy qiymati yuqori darajada saqlanib qoldi.
Markaziy bank portfelidagi xalqaro qimmatli qog‘ozlar hajmi esa aprel oyida o‘zgarishsiz qolib, 1,5 milliard dollar darajasida saqlangan. Shu bilan birga, 2025-yil yakuniga kelib mazkur aktivlar hajmi sezilarli o‘sgani qayd etilmoqda. Jumladan, o‘tgan yil davomida xalqaro qimmatli qog‘ozlar portfeli 101,7 million dollardan 1,5 milliard dollargacha ko‘tarilgan.
Xorijiy valyutadagi zaxiralar ham o‘sish qayd etdi. Aprel oyida ularning hajmi 7,6 milliard dollardan 8,7 milliard dollarga yetgan.
Xalqaro zaxiralarning o‘sishi mamlakat moliyaviy barqarorligi, tashqi iqtisodiy xavflarga chidamlilik hamda milliy valyuta barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston 25 tonna oltin xarid qilib, dunyoda eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar orasida ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA