O‘zbekistonning istiqbolli yosh kadrlari Koreyaning innovatsion boshqaruv tajribasini o‘rganmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti (NHI) hamkorligida istiqbolli yosh boshqaruv kadrlari uchun “Kelajak liderlari” qayta tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida eng faol 15 nafar tinglovchi Koreya Respublikasida xalqaro stajirovka o‘tamoqda. Ikki haftalik xorijiy stajirovka davomida tinglovchilar Koreyaning ilg‘or universitetlarida bo‘ladi.
Amaliyotchi mutaxassislardan davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, samarali boshqaruv tizimlarini shakllantirish, strategik va moliyaviy resurslarni rejalashtirish, natijadorlik va aholi farovonligini oshirish kabi dolzarb mavzularda bilimini oshiradi.
Mashg‘ulotlarda zamonaviy davlat boshqaruvi yondashuvlari, innovatsion fikrlash va raqamli transformatsiya tamoyillariga alohida urg‘u beriladi.

Dastur Seul, Sejong, Goyang, Buyeo, Asan va Ansan shaharlarini qamrab olgan.
Koreyaning "smart city" boshqaruvi, raqamli texnologiyalar, ishlab chiqarish innovatsiyalari va zamonaviy transport tizimlari faoliyati bevosita o‘rganiladi.
Koreyaning yetakchi IT va sun’iy intellekt kompaniyalari, “Faol ma’muriy boshqaruv” bo‘yicha ilg‘or tajriba instituti, Goyang shahridagi “Hyundai” avtomobil studiyasi, Sejong shahri Aqlli boshqaruv markazi, Aqlli ishlab chiqarish innovatsiyalari markazi hamda Koreya Elektronika texnologiyalari institutlarida bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ekotizim bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.

Mazkur malaka oshirish jarayoni ishtirokchilarga Koreyaning davlat boshqaruvi sohasidagi muvaffaqiyatli modellarini O‘zbekiston sharoitiga tatbiq qilish bo‘yicha koreyalik mutaxassislar bilan bevosita maslahatlashish imkonini beradi.
Dastur yakunida tinglovchilar faoliyat sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ishini tayyorlaydi va himoya qiladi.
22-maygacha davom etadigan loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan.
N.Abduraimova, O‘zA