O‘zbekistonliklar orasida pul jamg‘arishga qiziqish ortmoqda
O‘zbekistonda aholining pul jamg‘arishga bo‘lgan moyilligi ortib bormoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan 2025-yilning IV choragi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalarida ma’lum qilindi.
So‘rov davomida aholining pul jamg‘arish va qarz olishga bo‘lgan munosabati o‘rganildi. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 62,6 foizi kelgusida jamg‘arma miqdori ortishiga ishonch bildirgan. Yana 24,2 foiz respondent jamg‘armalari hajmi o‘zgarishsiz qolishini bildirgan bo‘lsa, 13,2 foizi mablag‘lari kamayishini kutayotganini qayd etgan.
Shu bilan birga, ishtirokchilarning 40,4 foizi jamg‘armasi yo‘qligini ma’lum qilgan. 2025-yilning III choragida mazkur ko‘rsatkich 38 foizni tashkil etgan. Demak, jamg‘armaga ega bo‘lmaganlar ulushi 2,4 foizga oshgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 34,1 foizi bir oygacha bo‘lgan jamg‘armaga ega ekanini bildirgan. Shuningdek, 3–6 oygacha yetarli jamg‘armasi borlar ulushi bir oz ko‘paygan. Biroq, 1–3 oylik va 6 oydan ortiq muddatga yetarli jamg‘armasi bor fuqarolar ulushi o‘tgan chorakka nisbatan kamaygan.
Markaziy bank tomonidan aholining kreditga bo‘lgan munosabati ham o‘rganildi. So‘rov ishtirokchilarining 54 foizi kelasi 12 oy ichida bankdan kredit olishga ehtiyoji borligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi chorakka nisbatan biroz yuqori ekani qayd etildi.
Tahlillarga ko‘ra, kreditga bo‘lgan eng yuqori talab oylik daromadi 7–10 million so‘m bo‘lgan aholi qatlamida kuzatilmoqda. Daromadi 20 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar orasida esa kredit olishga bo‘lgan talab biroz kamaygan.
Qatnashchilar bank kreditlarini asosan uy-joy ta’miri, ta’lim xarajatlari va avtomobil xaridi uchun sarflashni rejalashtirayotganini bildirgan.
Aholi orasida pul jamg‘arish va moliyaviy rejalashtirishga bo‘lgan qiziqishning ortishi iqtisodiy faollik kuchayayotganini ko‘rsatadi. Bu esa kelgusida aholining moliyaviy barqarorligi mustahkamlanishiga xizmat qilishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA