O‘zbekistonlik yosh mutaxassislar Xitoyda xalqaro tajriba orttirdi
Bugungi kunda mamlakatimizda tog‘-kon sanoatini barqaror va innovatsion rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohaning raqobatbardoshligini oshirishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Bu borada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, dunyodagi ilg‘or yondashuvlarni o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, yosh kadrlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularning xalqaro tajriba orttirishi va sohadagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganishi uchun sharoit yaratish bugungi kun talablaridan biridir. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda “O‘zmetkombinat” AJ rahbariyati tomonidan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va ularning professional rivojiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqinda ana shu yo‘nalishdagi ishlar doirasida Xitoy Xalq Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda tog‘-kon sanoatini barqaror rivojlantirish” mavzusida xalqaro o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Xitoyning tog‘-kon sanoatida qo‘llanilayotgan zamonaviy yechimlar, barqaror ishlab chiqarish tamoyillari va sohani rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar bilan tanishdi.
Xalqaro o‘quv-seminarda “O‘zmetkombinat” AJ nomidan Kapital bozorlar va investorlar bilan aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Nurmatjon Ismoilov ham ishtirok etdi.
– Xitoyda tog‘-kon sanoatini rivojlantirishga kompleks yondashuv shakllanganini ko‘rish mumkin. Seminar davomida zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, resurslardan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va investitsiyalarni jalb qilish borasidagi yondashuvlar bilan tanishdik. Bu jarayonlar menda soha rivojiga oid yangi tasavvur va g‘oyalarni shakllantirdi. Tadbirning yana bir muhim jihati turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan muloqot qilish va fikr almashish imkoniyati bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar natijasida nafaqat yangi ma’lumotlarga ega bo‘lasiz, balki boshqa davlatlardagi hamkasblarning yondashuvlari bilan tanishib, o‘z ishingizga boshqacha nuqtai nazardan qarash imkoniyati paydo bo‘ladi. Olgan bilimlarimizni amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, kelgusidagi faoliyatimizda samarali qo‘llashga harakat qilamiz, – dedi N.Ismoilov.
Aytish joizki, bunday xalqaro dasturlarning ahamiyati xorij tajribasini o‘rganish bilangina cheklanmaydi. Chunki o‘rganilgan ilg‘or yondashuvlarni mahalliy sharoitga moslashtirish va amaliyotga tatbiq etish asnosida sohani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yuzaga keladi. Bu jarayonda xalqaro tajribaga ega, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llay oladigan kadrlar muhim o‘rin tutadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA