Buxoro–Yaponiya: ishonchdan amaliy sheriklik sari
Buxoro azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lab turgan, turli xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotga keng yo‘l ochgan qadimiy zamin sifatida dunyoga mashhur. Bugun esa ko‘hna shahar nafaqat boy tarixiy-madaniy merosi, balki zamonaviy taraqqiyot, investitsiya, ta’lim va xalqaro hamkorlikning yangi markazlaridan biri sifatida ham o‘z nufuzini tobora mustahkamlamoqda.
Ayni jarayonda Yaponiya bilan yo‘lga qo‘yilgan ishonchli va uzoq muddatli hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Xirata Kenji bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni yangi mazmun va amaliy loyihalar bilan boyitish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv avvalida viloyat hokimi janob elchini Buxoroga qilgan tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi iqtisodiy, diplomatik va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Bugun O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlari o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Bu jarayonda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, investitsiya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim va texnologiyalar sohasida tajriba almashish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlar Buxoro misolida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
— Buxoro viloyatida ta’lim, inson kapitali, tadbirkorlik, infratuzilma va gumanitar sohalarda Yaponiya tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak va e’tiborni yuksak qadrlaymiz, — dedi Botir Zaripov. Bu so‘zlar zamirida bir haqiqat mujassam: bugungi hamkorlik oddiy diplomatik muloqot doirasidan chiqib, odamlar hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan amaliy loyihalarga aylanmoqda.
Uchrashuvda Amudaryo–Buxoro irrigatsiya tizimini qayta tiklash, xususan, Amudaryo–Buxoro–II nasos stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar alohida qayd etildi. Jumladan, o‘rnatilgan 10 ta nasos agregatining bugungi kunda to‘liq ishlayotgani Buxoro viloyatini suv bilan ta’minlash barqarorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu yerda gap shunchaki texnik inshootni modernizatsiya qilish haqida emas. Suv — Buxoro uchun qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligi va hudud iqtisodiy barqarorligining eng muhim omillaridan biridir. Shu ma’noda, Yaponiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha mamlakatimizda davlat rahbari tomonidan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv xavfsizligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborning Buxorodagi amaliy natijalaridan biri sifatida baholanishi mumkin.
Uchrashuvda Yaponiyaning JICA grantlari, “Grassroots” va ko‘ngillilar dasturlari doirasida Buxoroda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda yapon kompaniyalarining viloyatdagi faoliyati haqida fikr almashildi.
Zamonaviy ma’lumotlar markazini barpo etish bo‘yicha tashabbuslar esa raqamli iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Biroq uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri — inson kapitali va yoshlar kelajagi masalasiga alohida e’tibor qaratilganidir.

O‘zbekiston–Yaponiya markazining Buxoro shahar vakolatxonasi faoliyatida yangi bosqich boshlanishi ana shu nuqtai nazardan katta ahamiyatga ega. Markazning Buxoro davlat texnika universitetidagi yangi binoda faoliyatini davom ettirishi ta’lim, biznes-konsalting, tadbirkorlik, yapon tilini o‘rganish va yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish imkonini beradi. Eng muhimi, bu maskan yoshlar uchun Yaponiya tili va madaniyatini o‘rganish bilan cheklanib qolmay, ularni zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga yo‘naltiruvchi muhim maydonga aylanishi mumkin.
Uchrashuvda Botir Zaripov tomonidan yana bir dolzarb tashabbus ilgari surildi. Bu — yoshlarni Yaponiyada munosib va yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash, xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini tizimli yo‘lga qo‘yish masalasidir.
Buxoroda yoshlarga yapon tili, madaniyati va zarur kasb-hunarlarni o‘rgatish tizimini yanada kengaytirish, o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan malakali mutaxassislarni Yaponiya mehnat bozoriga tayyorlash — ikki tomon uchun ham manfaatli yo‘nalish. Bu tashabbusning mohiyati juda teran. Bir tomondan, buxorolik yosh xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kasb egasiga aylanadi, yuqori daromad topadi, yangi texnologiya va mehnat madaniyatini o‘zlashtiradi. Ikkinchi tomondan, Yaponiya korxonalari malakali kadrlarga ega bo‘ladi. Demak, bu hamkorlik “kadr tayyorlash — ish bilan ta’minlash — tajriba orttirish — yangi texnologiyalarni olib kelish” zanjiri asosida yangi iqtisodiy imkoniyatlarni shakllantirishi mumkin.
Elchi Xirata Kenji samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati va keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, bugun Buxoro viloyati Yaponiya hududlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalardan tortib, shaharsozlik, turizm, madaniyat, fan va ta’limgacha bo‘lgan keng qamrovli yo‘nalishlarda hamkorlik qilmoqda. E’tiborlisi, Yaponiya tomoni Buxoroda aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida boshlangan ishlarni ham alohida e’tirof etdi. Bu e’tirof Buxoroda iqtisodiy o‘sishni faqat raqamlar bilan emas, balki inson hayotidagi real o‘zgarishlar bilan o‘lchashga qaratilgan yondashuv tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hududlararo hamkorlikni kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va amaliy muloqotni izchil davom ettirishga kelishib oldilar. Xususan, ta’lim va inson kapitali, zamonaviy texnologiyalar, suv xo‘jaligi, yashil iqtisodiyot, turizm, tadbirkorlik va investitsiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Mehmonlarning viloyatning yangi ma’muriy markazi bilan tanishtirilgani ham tashrifning mazmuniga o‘ziga xos ma’no bag‘ishladi. Chunki yangi ma’muriy markaz — bu shunchaki yangi binolar majmuasi emas. U Buxoroning yangicha qiyofasi, zamonaviy boshqaruv, infratuzilma va xalqaro hamkorlik uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarning timsolidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri